Birovning sog‘lig‘ini xatarga qo‘ymang

Yaqin o‘rtog‘im koronavirusga chalinibdi. Tez-tez telefonlashib, hol so‘rab turdim. U shu paytgacha vaksina olmaganidan afsuslanib, kasallikning og‘ir o‘tayotganini aytdi.

Oradan to‘rt-besh kun o‘tib yana qo‘ng‘iroq qildim. Shovqin ovozi eshitildi.

- To‘ydaman, do‘stim, to‘ydaman, keyinroq gaplashaylik, - dedi o‘rtog‘im.

Bir soatlardan keyin o‘zi aloqaga chiqdi.

- Kasal bo‘lsangiz, to‘yda nima qilasiz? – dedim jahlim chiqib.

- To‘y qilgan kishi og‘aynim bo‘ladi, bormasam xafa bo‘lardi-da, – dedi u bamaylixotir.

Uning gapini eshitib badtar jahlim chiqdi. Kechagina "voy-voy"lab yotgan kishi bugun to‘yda yursa-ya. Balki u hali butunlay sog‘aymagandir, tanasida virus bordir. Og‘aynisining “ko‘ngliga” qaragan do‘stim, yana necha kishiga bu kasallikni yuqtirdi ekan. Yoki butunlay sog‘aymagan jismi kasallikni qayta yuqtirib kelsa-chi, bunday holat ham ro‘y berishi mumkin-ku.

Afsuski, cheklovlar bo‘lishiga qaramay, hali-hanuz to‘ylarimiz gavjum. Niqob taqish, ijtimoiy masofa saqlashga beparvomiz. Mehmondorchilikdan, to‘y-ma’rakadan bo‘shamayapmiz. Vaholanki, kasallik ko‘payayotgani, tibbiy muassasalarda joy muammo bo‘layotgani va eng yomoni, o‘lim holatlari haqida eshityapmiz, bunga guvoh bo‘lyapmiz. Shunga qaramay, beparvolik qilishimiz o‘zimizning, o‘zgalarning sog‘lig‘i qadriga yetmasligimizdan boshqa narsa emas.

Vaksinaga munosabatimiz ham tushunarsiz. Davlat rahbari bu dori vositalari ming bir mashaqqat bilan, qancha mablag‘ evaziga olib kelinayotganini aytib, aholini undan foydalanishga da’vat etyapti. Tibbiyot xodimlari emlanishning ahamiyatini tushuntiryapti. Ammo, bu gaplarga emas, ijtimoiy tarmoqdagi yoki odamlar o‘rtasidagi gap-so‘zlarga ishonib vaksina olishni paysalga solayotganlar, bunga ham e’tiborsiz bo‘layotganlar bor.

O‘tgan yili hammamiz yuragimizni hovuchlab o‘tirdik. Qachon vaksina kelar ekan deb, kutdik. Bugun o‘sha vaksina keldi, aholi bepul emlanmoqda. Endi yana nimani kutyapmiz, hayronman?

Atrofimizda voqea-hodisalarga e’tiborli bo‘laylik, ko‘zimizni ochaylik. Xotirjamlikka berilishimizga asos yo‘q. Sog‘lig‘imiz avvalo o‘zimizga kerak!

Husniddin Xolodorov.