Bitiruvchi talabalar tahririyatda malakaviy ishlarini himoya qildi

Odatda oliy o‘quv yurtida to‘rt yil davomida tahsil olgan talaba bitiruv malakaviy ishini o‘zi tahsil olgan oliygohda himoya qilar edi. Samarqand davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti noshirlik ishi yo‘nalishi bitiruvchilarining ayrimlari bu “tartibni chetlab” o‘tib, himoyani viloyat “Zarafshon” gazetasi tahririyatida ado etishdi.

Albatta, bunga rektorat, dekanat va kafedra rahbariyati ruxsat berdi. Natija shundaki, talaba qaysi mavzuda bitiruv malakaviy ishini yozgan bo‘lsa, shu korxona-tashkilotda himoya qilishi o‘zining samarasini beradi.

Amalda ham shunday bo‘ldi. To‘rt nafar talabaning himoya mavzusi tahririyat ishi, noshirlik faoliyati, umuman, ijod bilan bog‘liq. Masalan, bitiruvchi talaba Nigina To‘ychiyeva “Zarafshon” gazetasida qo‘llanilgan frazemalarning uslubiy-semantik xususiyatlari” mavzusida, Shahlo Narzullayeva “Muharrirning matbuotdagi o‘rni va vazifasi” mavzusida bitiruv malakaviy ishini yozgan. Taniqli jurnalistlar, noshir hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi xodimlari, shuningdek, SamDU professor-o‘qituvchilari, ilmiy rahbarlar ishtirok etgan himoya jarayonida talabalar bir yil davomida izlanib, gazetalar sahifalarini varaqlab, taqqoslab va tahlil qilib yozgan malakaviy ishlarini mohirona himoya qildi.

- Bitiruvchi talabaning malakaviy ishini bevosita ishxona, tashkilot, muassasada himoya qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatlayman, - deydi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev. – Bu birinchidan, talabaga o‘zi qiziqib, bitiruv malakaviy ishini yozgan joyga mehrini oshiradi. Ikkinchidan, uning diplom olgandan keyin aynan shu sohada ilmiy ish qilish yoki mehnat faoliyatini olib borish uchun kuch beradi. Bu bilan men tahririyatlarda shunday himoyalar bo‘lsin, demoqchi emasman, talaba bank sohasida bo‘ladimi, soliq, qurilish, arxitektura, chorvachilikmi, umuman, o‘zi hafsala qilib yozgan malakaviy ishini o‘sha manzilda himoya qilsin. Bu albatta, samara beradi. Ushu yangilikni ommalashtirish zarur.

- Himoya jarayonida talabalarda hayajon bo‘ldi, - deydi SamDU dotsenti Svetlana Umirova. – Chunki o‘zi yozgan malakaviy ishning mohir amaliyotchilari qarshisida so‘zlash osonmas. Ammo natija salmoqli. Negaki, bitiruvchi talabalarimiz kelgusida magistraturada o‘qib, bugun himoya qilgan mavzularini yanada chuqurroq tahlil qilish, o‘rganishni maqsad qilishgan. Bu borada endilikda tahririyat xodimlari ularga ko‘makchi bo‘ladi.