Bitiruvchilar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida ish beruvchilar hamkorligida “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Mehnat yarmarkasiga 70 ga yaqin arxitektura, shaharsozlik va qurilish sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniya, ishlab chiqaruvchi sanoat, korxona va tashkilot vakillari tashrif buyurib, o‘zlarining taqdimot mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
- Joriy o‘quv yilida universitetda 1234 nafar talaba bitirish arafasida, shundan 1049 nafari bakalavr va 140 nafari magistratura mutaxassislari hisoblanadi, – deydi universitet rektori Chidem Turkyilmaz. — Universitetimizda tayyorlanayotgan shaharsozlik, arxitektura va qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi qiyofasini o‘zgartirishda, ko‘p qavatli turar joylar hamda binolar qurishda o‘z hissasini qo‘shadi, deb o‘ylayman. Joriy o‘quv yilidan boshlab xorijiy tajribalarga tayangan holda yangi yo‘nalishlar ochishni boshladik. Keyingi o‘quv yillaridan boshlab mavjudlarining barchasini korxona va tashkilotlar buyurtmalari va ularning takliflarini e’tiborga olgan holda o‘quv rejalariga o‘zgartirish kiritish, jahon bozorida raqobat qila oladigan ilmiy salohiyatga ega, sifatli, eng muhimi, universal arxitektura va qurilish yo‘nalishida kadrlar tayyorlab berishga ilk qadamni qo‘ydik.
Tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida bevosita o‘zaro suhbatlar olib borilib, 146 nafar bitiruvchi bilan uch tomonlama shartnomalar imzolashga erishildi.