Biz bilgan va bilmagan Turkiya

Turkiyaning Ko‘niya shahrida Mavlono Jaloliddin Rumiy xotirasiga bag‘ishlangan “Shabi Arus” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Dunyoning 40 ta mamlakatidan taklif qilingan jurnalistlar orasida samarqandlik yozuvchi va jurnalist Karimberdi To‘ramurod ham bor edi.

Karimberdi To‘ramurodning Turkiya va festival taassurotlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

 Turkiya tarixidan ayrim ma’lumotlar

Mahalliy aholi tomonidan jumhuriyat deb yuritiladigan Turkiya Respublikasi Birinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchragan Usmoniylar imperiyasi o‘rnida tashkil topgan. Maydoni 783 562 kvadrat kilometr (dunyoda 36-o‘rin), aholisi 83 million (dunyoda 19-o‘rin). Yerining 97 foizi Osiyoda, 3 foizi Yevropada joylashgan (Istambulning 70 foizi Yevropada, 30 foizi Osiyoda).

Atrofini Qora dengiz, Marmara dengizi va O‘rta Yer dengizi kabi dengizlar o‘rab turgan Turkiya suvda Ruminiya, Rossiya, Ukraina, Kipr va Abxaziya bilan, quruqlikda Bolgariya, Gruziya, Armaniston, Ozarbayjon, Eron, Iroq, Suriya va Gretsiya bilan chegaradosh.

Turkiya dunyoga hamma narsani eksport qiladi: kiyim-kechakdan avtomobilgacha.

Turkiya 1952 yildan NATOga a’zo, 1999 yildan Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod.

Turkiya tarixi xalqimiz tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Bundan salkam ming yil avval (1077 yilda) Vizantiya imperiyasi qo‘l ostida bo‘lgan bugungi Turkiya yerlarini vizantiyaliklarni jangda yengib, ularning imperatori Deogenni asir olgan Alp Arslon boshchiligidagi saljuqiylar ozod qilgan va Ko‘niyani poytaxt deb e’lon qilgan. Keyinchalik butun boshli Kichik Osiyo yerlarini birlashtirgan Saljuqiylar davlati – Ko‘niya sultonligiga asos solishgan.

1243 yilda bu sultonlik chingiziy mo‘g‘ullar vassaliga aylangan. Keyinchalik bu sultonlik kichik bekliklarga bo‘linib ketgan. Ana shunday bekliklardan biri Usmon bekligi edi.

Bizning diyordan borib, o‘zining jangovarligi bilan dunyoga dong taratgan va o‘z sultonligiga asos solgan Ertug‘rulning o‘g‘li Usmon G‘oziy 1299 yilda Usmoniylar imperiyasi tamal toshini qo‘ydi. Katta hududni qamrab olgan bu imperiya 1924 yilgacha, ya’ni 625 yil hukmronlik qildi. Usmoniylar Rim imperiyasi janubidan tortib, Venadan to Yamangacha, G‘arbiy Osiyodan tortib Shimoliy Afrikagacha hukmronlik qildi. Makka va Madinagacha yetib borgan Sulton Salimdan keyin sultonlik Xalifalikka ham aylandi va keyingi sultonlar xalifalar ham bo‘lishdi.

1453 yilda Rim imperiyasining 330 yildan buyon sharqiy poytaxti bo‘lib kelgan Konstantinopolni fath qilgan Sulton Mehmed ming yildan ortiq nasroniylik dini markazi bo‘lgan shaharga “Islom bo‘l!” deya hayqirdi va shaharning nomi Islombo‘l – Istambulga aylandi. Ko‘niyadan boshlangan turkiy davlat poytaxti ana shunday qilib asosiy qismi Yevropa qit’asida bo‘lgan shaharga ko‘chdi.

Qudratli Usmoniylar saltanati Birinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lgunga qadar bugungi kunda alohida davlatlar sanaladigan 32 ta davlatni o‘z bayrog‘i ostida birlashtirgan edi.

Bugungi kunda Turkiya yettita norasmiy hududga bo‘lingan: Marmara dengizi hududi, Qora dengiz hududi, Egey hududi, O‘rta Yer dengizi hududi, Sharqiy Onado‘li, Sharqiy-janubiy Onado‘li hududlari.

Turkiya rasman 81 ta viloyatga bo‘lingan va bu viloyatlarni valiylar boshqaradi. Bundan tashqari, Buyuk shahar deb ataluvchi, aholisi 750.000 dan ortiq bo‘lgan shaharlar hokimliklari – belediyalari mavjud.

Turkiyadagi Adana, Ko‘niya, Bursa, Antaliya, Gazantep kabi shaharlarida bir milliondan ortiq aholi istiqomat qilsa, Izmirda uch milliondan, poytaxt Anqarada besh milliondan ortiq odamlar yashaydi. Ammo qadimiy Istambulning aholisi 15 milliondan oroshdi.

 Ko‘niya

Mavolono Jaloliddin Rumiy hazratlari dafn etilgan Ko‘niya shahri minglab yillik tarixga ega. Shahardan 50 kilometr naridagi Chatal-Huyuk tepaliklarida aynan 10 ming yil oldin insoniyat qo‘li bilan yaratilgan, ilk uylar deb tan olingan kulbalar topilgan.

Ko‘niya 4000 yil ilgari ham shahar bo‘lgan, u Frigiya deb nomlangan. Qadimgi grek hujjatlarida shahar Ikoniy nomi bilan tilga olingan va Bibliyada ham keltirilgan. Shahar Aleksandr Makedonskiy davrida yirik shaharlar biri bo‘lgan.

Ko‘niya - Ikoniya degan nomning buzilgan shakli. Ikoniya esa, ikona so‘zidan olingan va o‘sha davrda eng katta ibodatxonalarda aks etgan ikona sharafiga shunday nomlangan.

Saljuqiylar davrida Ko‘niya Eronu Iroqni birlashtirgan qudratli davlatning poytaxti bo‘lgan. O‘sha davrda bu shaharda mashhur shoir va matematik Umar Xayyom (1048-1131) yashagan.

Ammo Ko‘niyani dunyoga mashhur qilgan zot Mavlono Jaloliddin Rumiy hisoblanadi. U otasi Bahouddin Valad bilan Xorazmshohlar shahri Balxdan ko‘chib keldi. Shu yerda yashadi va Shamsiddin Tabriziy bilan uchrashdi, o‘zining tariqatiga asos soldi va shu shaharda dafn qilindi.

Dunyoning turli shahar va qishloqlaridan millionlab kishilar Mavlono maqbarasini ziyorat qilgani ziyoratga kelishadi.

Shaharda Jaloliddin Rumiy vafot etgan 17 dekabrda har yili festival bo‘lib o‘tadi. Aslida, bu festival o‘n kun davom etadi va 17 dekabrda darveshlarning an’anaviy marosimi – Mavlono ruhiga o‘qilgan Xatmi Qur’on va samo raqsi bilan yakuniga yetadi. Zero, Mavlono vasiyat qilganlaridek, bu kun u zotning vafot etgan kuni emas, Haqqa qovushgan, Alloh vasliga yetgan kun sifatida nishonlanadi. “Shabi Arus”ning forsiydan tarjimasi “Kelin kechasi”, “To‘y oqshomi” ma’nolarini beradi va vasiyatlariga ko‘ra, bu kun to‘y kabi nishonlanadi.

Bu yil Mavlono Haqqa yetganiga 747 yil bo‘ldi va bu yilgi “Shabi Arus” festivalida O‘zbekistondan taklif qilingan jurnalistlar qatorida men ham bu tantanalarda ishtirok etdim.

Mavlono muzeyidagi ma’lumotlardan bildimki, bir necha yil avvalgi festivalda yurtimizdan taniqli hofiz, O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev ham ishtirok etgan ekan.

Ko‘niyadagi Olovuddin tepaligi eng dastlabki odamlar bino qurgan zamin hisoblanadi. Bu tepalikda Saljuqiylar saltanatining Kayqubod, Kayxisrav kabi yettita hukmdori bir maqbarada dafn etilgan. Yo‘lboshlovchimizning e’tiroficha, “Bir maqbarada yetti hukmdor dafn qilingan maqbara boshqa yo‘q” ekan.

Ko‘niyada XIII asrda bunyod etilgan Iplikchi masjidi, Olovuddin masjidi, XVI asrda Sulton Salim qurdirgan Salimiya masjidi, Qoratoy Buyuk madrasasi, Inja minorali masjid, Shamsiddin Tabriziy qabri va masjidi, Aziziya, Sharafiddin, Hoji Hasan masjidlari saqlanib qolgan.

Iplikchi masjidi 1202 yilda qurilgan va saljuqiylar davrida bino qilingan masjidlarning eng qadimiysi hisoblanadi.

 Rivoyat

Saljuqiy hukmdorlar Ko‘niya shahrida muhtasham bir masjid tiklamoqchi bo‘lishdi. Eng mashhur va nomdor ustalar chaqirilib, masjid qurilishi boshlandi.

Shaharda yashovchi, ip yigirib sotib kun ko‘radigan bir kampir ham masjid qurilishiga o‘z hissasini qo‘shishni istadi. Ammo uning na puli, na boshqa narsasi bo‘lmasa-da, bir tugunga yigirilgan iplarni solib kelib, ishboshiga o‘z niyatini aytdi.

– Hukmdor masjid qurilishiga boshqa birovning puli aralashmasligini tayinlagan, – deb uni rad qildi ish boshi. – Qolaversa, sening bu iplaring nimaga ham yarardi?

Kampir xafa bo‘ldi va yigirgan iplarini masjid poydevori uchun tayyorlanayotgan qorishmaga sochib yubordi. Iplar qorishmaga aralashib ketdi va shunday qilib, kampirning iplari masjidga ishlatildi.

Masjid bitayozganida hukmdor tushida Payg‘ambar alayhissalomni ko‘rdi va u zot masjid qurilishiga ishlatilgan iplar bois bu masjid qurilishidan hosil bo‘lgan savob ip yigiruvchi kampirga yozilganini va uning sharofatidan hukmdor qurgan masjidga baraka ato etilgani xabarini aytdi.

Hukmdor ip yigiruvchi kampirni surishtirib topdi, bo‘lgan voqealarni aytdi, ko‘p hadyalar berib, uni rozi qildi hamda masjidni “Iplikchi masjidi”, ya’ni ip yigiruvchi masjidi, deb nomladi.

Mavlono maqbarasi

Mavlono Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad Xoramshoh bilan kelisha olmay, yurtimizni tark etgan. Uning obro‘si misli ko‘rilmagan darajada ortib ketayotganidan xavotirga tushgan Xorazmshoh unga og‘ir shart qo‘ygan:

– Siz o‘zingizga boshqa mamlakat toping yoki men o‘zimga boshqa shohlik topay!

Tabiiyki, Sulton Valad shoh boshqa bir mamlakatga borib, shohlik qilishini istamasdi va o‘zi boshqa mamlakat sari yo‘l oldi. Qizig‘i, ilohiy ishora bilan Xorazmshoh o‘z qizini Sulton Valadga nikohlab bergan edi. Jaloliddin Rumiy Xorazmshohning o‘g‘li Jaloliddin Manguberdining jiyani bo‘ladi. Onasi o‘z ukasidek shiddatli, mard va jasur bo‘lishini istab, unga Jaloliddin ismini qo‘ygan. Ammo Jaloliddin Rumiy tog‘asidek jang bilan emas, o‘z ma’rifati va tariqati bilan dunyoni oldi va nomini abadiyatga muhrladi.

Sulton Valad Balxni tark etganida Jaloliddin besh yoshda bo‘lgan va bir qancha mamlakatlarni kezib, jumladan, Makka va Madina shaharlarida ham bo‘lgan. Hajni ado qilib, Turkiyaning Qaramon shahrida istiqomat qila boshlaydi. Olovuddin Kayqubod taklifi bilan barcha olimu ulamolar jam bo‘layotgan Ko‘niya shahriga tashrif buyuradi.

Bahouddin Valadni kutib olish uchun hukmdor shahar tashqarisiga chiqadi va u mingan otning tizginini tutib, shaharga kiradi. Shaharga kirgan Bahouddin Valadni bir atirgul bog‘i hayratga soladi. Keyinchalik Olovuddin Kayqubod Bahouddin Valadga ana shu bog‘dan saroy qurdirib, bog‘ni unga hadya qiladi. Vaqti kelib, Bahouddin Valad va uning o‘sha paytda 11-12 yoshda bo‘lgan, Mavlaviya tariqatini olamga yoygan o‘g‘li Jaloliddin Rumiy vafot etganida shu yerda dafn qilinadi. Keyinchalik bu joy Mavlono maqbarasiga aylanadi. Maqbarani esa o‘zbek tomoshabinlari sevib tomosha qilgan “Muhtasham yuz yil” seriali qahramoni bo‘lgan Sulton Sulaymonning rafiqasi Xurram Sulton o‘z puliga bino qilgan. Bog‘ esa bugun Jaloliddin Rumiy xotira majmuasi va muzeyi maqomida faoliyat yuritmoqda. 2014 yilgacha bu yerga ziyoratga kirish pullik edi. Hozir esa ayrim shaharlardagi madaniy yodgorliklardan farqli o‘laroq, kirish bepul.

Ko‘niyada Mavlono muzeyi va Mavlono madaniyat saroyi bunyod etilgan hamda har yili nishonlanadigan “Shabi Arus” festivali ham ana shu madaniyat saroyida nishonlanadi.

Turkiyada turizm yetakchi soha

Ko‘niya shahrining o‘ziga har yili bir milliondan ortiq odam ziyoratga keladi. Ammo pandemiya tufayli 2020 yilda ziyoratchilar soni keskin kamaygan.

E’tiborlisi, Turkiyaga borgan sayyohlar mahalliy aholiga qo‘shilmasdan, alohida olib yurilar ekan. Restoranlarda barcha narsalar maxsus jildlarga o‘ralgan. Qoshiq, pichoqlardan tortib, to siz tanovul qiladigan nongacha.

Sayyohlar guruhlar tarkibida ziyoratgohlarga olib boriladi va bu vaqtda u joylarda mahalliy aholi bo‘lmaydi. Pandemiya sabab bo‘lsa kerak, haftaning so‘nggi uch kunida Turkiya aholisi uyidan chiqmaydi va bunga amal qilmaganlar qattiq jazolanadi. Bitta noqulay tarafi, o‘sha kunlari dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlaridan boshqa biror do‘kon yoki yemakxonalar ishlamaydi.

Karimberdi TO‘RAMUROD,

Ko‘niyadan Zarnews.uz sayti uchun maxsus.