Biz maktabimiz hududini toza saqlaymiz

Samarqand shahridagi 58-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 18 sentyabr – Butunjahon tozalik kuniga bag‘ishlanib o‘tkazilgan tadbirda o‘quvchilar nafaqat maktab hududi balki, yashab turgan joyimiz,  sayyoramizni toza va ozoda saqlash, turli chiqindilarni tevarak-atrofga tashlamaslik va uning salbiy oqibatlari haqida keng tushunchaga ega bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hojatxona qog‘ozi 2-4 kunda, gazetalar 1-3 oyda, meva qoldiqlari va karton korobkalar 1-5 oyda, chekib tashlangan sigaret qoldiqlari va jurnallar 1-5 yilda, konserva bankalari 50 yilda, alyuminiy batareykalar 200 yilda, plastiklar 400-450 yilda parchalanar ekan. Shisha idishlarining parchalanishiga 1000 yildan ziyod vaqt sarflanadi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, biz tashlayotgan chiqindilar nafaqat kelajak avlodning sog‘lom voyaga yetishiga zarar yetkazadi, balki yashil tabiat ham asta –sekin qurib qolishiga sababchi bo‘ladi.

Agar har bir o‘quvchi foydalanilgan chiqindilarni maxsus qutilarga tashlasa, kam miqdorda bo‘lsada, atrof-muhitning ifloslanishining oldini olinardi.

Tadbirda o‘quvchilar dunyodagi ifloslanish holatlari, chiqindilar sabab qirilib ketayotgan hayvonlar, o‘simliklar dunyosi haqida videolahva tomosha qildi. Ularning aksariyati maktab va yashayotgan hududini toza va ozoda saqlashga harakat qilishni maqsad qildi.

Shahlo JIYaNQULOVA.