“Biz Samarqanddanmiz!”yoxud hamkor, hamnafas va hamjihat bo‘lib
“Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari tashkil etilganligiga 50 yil to‘ldi
1974 yilning boshi edi. Narpay tumani «Paxtakor ovozi» (hozirgi «Navqiron Narpay») gazetasida mas’ul kotib vazifasida ishlab yurardim. Bir kuni ustozim – gazeta muharririning o‘rinbosari Renat Rahimov yangi tuzilgan Jizzax viloyatida viloyat gazetasi tashkil qilinayotganligi, unga Samarqanddan ijodiy xodimlar jalb etilayotgani, ushbu gazetada ishlash uchun mening nomzodim ham ko‘rsatilganligini aytib qoldi. Pirovardida, gazetaning bosh muharrirligiga «Zarafshon» (o‘sha paytdagi «Lenin yo‘li») gazetasi muharririning o‘rinbosari O‘ktam Javlonov tayinlanganligini ta’kidladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, O‘ktam Javlonov boshchiligida Abdurashid Abdurahmonov, Abulfayz Barotov, Sulaymon Husainov, Jo‘raqul Bahromov, Tugalboy Muzaffarov, Tohir Norqulov, Anvar Jo‘raboyevdan iborat biz, samarqandlik jurnalistlar birin-ketin Jizzax gazetasida ish boshladik.
Bizga shahar bozori yaqinidagi pastqamgina bir eski binoni ajratib berishdi. Homiy va mutasaddi tashkilotlar yordamida bu imoratni o‘zimizga moslab, ta’mirlab va jihozlab oldik.
Shunday qilib, yangi gazetaning dastlabki sonlari uchun materiallar tayyorlashni boshlab yubordik. Bunda ayniqsa, tajribali jurnalist, mohir muharrir O‘ktam akaning tajribasi qo‘l keldi. U har bir xodim bilan yakkama-yakka suhbat o‘tkazib, ularning bilimi, qiziqish va qobiliyatiga qarab, bo‘limlarga birkitdi. Xolbo‘ta Xudoyorov muharrir o‘rinbosari bo‘ldi. Abdurashid Abdurahmonov mas’ul kotib, Tugalboy Muzaffarov uning o‘rinbosari etib tayinlandi. Nurali Qobul va meni sanoat va qurilish bo‘limiga, Sulton Po‘latov va Bahor Xolbekovani adabiyot va san’at, Abdukarim Sharipov va Sulaymon Husainovni qishloq xo‘jaligi, Mamatqul Ernazarovni propaganda, Saidmurod Norboyevni partiya turmushi, Abdulla Rahmonqulovni axborot bo‘limiga jalb etdi.
Darvoqe, jurnalist uchun boradigan ob’yektning maqola qahramonlari, tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashishning muammosi yo‘q. Negaki, bu uning vazifasi. Shuning uchun ham biz bu borada hech qanday to‘siqqa duch kelganimiz yo‘q.
O‘ktam Javlonov ko‘pincha «Gazetaga bersa ham, bermasa ham bo‘laveradigan maqola yozishga urinmang. Odamlar qiziqib o‘qiydigan, ular kutayotgan, xalqqa foydasi tegadigan maqolalarni, muammolarni ko‘tarib chiqishga harakat qiling», deya ta’kidlardi. Shuning uchun ham gazetaning har bir soni oldindan rejalashtirib olinardi. Gazeta chiqqandan so‘ng esa unda yoritilgan materiallar atroflicha muhokama qilinib, yutuq va kamchiliklari sharhlab berilardi.
Gazetani bosib chiqarish borasida muammolar ko‘p edi. Gazeta tuman bosmaxonasida bosilar, deyarli barcha ishlar qo‘l kuchi bilan bajarilardi. Dastgohlar ancha eskirib ketgandi. Buning ustiga ular A-2 bichimdagi gazetani bosishga mo‘ljallanmagandi. Bosmaxona ishchilarining ham malakalari kam bo‘lganligi tufayli matnlarni terish, sahifalash, xatolarni tuzatish, gazetani bosib chiqarishda qiyinchiliklar yuzaga kelardi. Oqibatda gazetani tayyorlash jarayoni ba’zan ikki-uch kungacha cho‘zilib ketardi.
Biroq shunga qaramasdan, gazetaning har bir sonini nafaqat gazetxonlar, balki biz, ijodiy xodimlar ham intiqlik bilan kutardik.
Viloyat yangi tashkil bo‘lganligi tufayli bu yerga yangidan ishga kelganlar uchun turarjoy masalasi murakkab edi. O‘ktam aka buning ham yo‘lini topdi. Uning sa’y-harakati bilan bizga Jizzax pedagogika bilim yurtining talabalar yotoqxonasiga joylashtirishdi. Negaki, biz, bir guruh samarqandliklar va Jizzax viloyatining markazga uzoq tumanlaridan kelganlar uchun vaqtincha turarjoy juda zarur edi. Biz bu yerga oilaviy ko‘chib kelmagandik. Qolaversa, ishlash uchun hali sinovda edik. Shu tariqa bizning yangi viloyatdagi musofirona hayotimiz boshlangandi.
Ishlar izga tushib ketgach, jurnalistlar birin-ketin oilalarini Jizzaxga ko‘chirib kela boshladi. Shu jumladan, kamina ham Jizzax yog‘-pishloq zavodi direktori Isom G‘ulomovning saxovati bilan korxona mahsulotlarini tashishga mo‘ljallangan mashinasida Narpayga yo‘l oldik. Ro‘zg‘or anjomlarini ortib, olti oylik o‘g‘limiz Anvarjonni beshikka belab, uchalamiz Jizzaxga ko‘chib keldik. Shahar markazidan xonadonlarning biridan ijaraga uy topib, yashay boshladik. O‘g‘ilchamizga qarash uchun enaga topilgach, turmush o‘rtog‘im - jurnalist Oyshirin yangi tashkil etilgan viloyat teleradiokompaniyasiga ishga o‘tdi.
Oila bag‘rida yashab, muharririyatda faoliyat ko‘rsatgan jurnalistlarning ijodiy samaradorligi yanada oshdi. Gazeta yosh bo‘lsa ham mazmundorligi jihatidan respublika viloyatlari orasidagi nufuzli nashrlardan biriga, navqiron vohaning chinakam ko‘zgusiga aylandi.
Xizmat yuzasidan safarda bo‘lganimizda ayrimlar suhbat davomida qayerlik ekanimizni so‘rab qolishardi. «Samarqandlikmiz» derdik mag‘rur. Bu maqtanish emas, aksincha, matbuot fidoyisi sifatida yangi tashkil etilgan gazetani oyoqqa turg‘azishda jizzaxlik hamkasblarimizga astoydil yordam berish, ularga kamarbasta bo‘lish uchun bu yerga kelganimizdan faxrlanish hissi edi. Biz jizzaxlik hamkasblarimiz bilan hamkoru hamnafas edik.
O‘sha voqealarni eslasam, «Jizzax haqiqati» va «Djizakskaya pravda» gazetalarining dastlabki soni chiqqaniga 50 yil to‘lgan kunlarda ushbu gazetani murakkab vaziyatda ommaga yetkazishda, uni o‘qishli va sermazmun qilib chiqarish uchun ba’zi tunlari hatto uyqudan kechib, kuch-g‘ayratlarini, bilim va qobiliyatlarini ayamagan fidokor va hozirjavob hamkasblarimizni qo‘msayman. Afsuski, ularning ko‘pchiligi bugun oramizda yo‘q. Biroq ularning yorqin satrlar bitilgan axborot, maqola, lavha, reportaj va ocherklari gazeta sahifalariga muhrlanib qolgan.
Ayni paytda «Jizzax haqiqati» va «Djizakskaya pravda» gazetalari yanada yashnayotgan va yosharayotgan vohaning chinakam ko‘zgusiga aylanganligi, ularda bugungi kunda ham matbuotimizning bilimdon va fidokor insonlari xizmat qilayotganligi matbuot faxriysi sifatida meni benihoya quvontiradi.
Rizo Xudoyqulov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.