«Bizga «Anna Karenina»ni o‘qitishdan maqsadingiz ne?» Yoxud «ma’naviyat» bizni ne ko‘ylarga soldi?

Ma’naviyatga ta’rif berishning hojati yo‘q, u shubhasiz, hayotimizning, yashash tarzimizning o‘zagi bo‘lmog‘i lozim. Hamma gap uning «ozuqasi»da, insonga qachon, qay tariqa yetkazilishida. Bu faqat bugunning emas, insoniyatning asrlar davomidagi intilish, istaklaridan biridir. Tabiiyki, ma’naviyatli, dunyoqarashi keng insonning yashash tarzi-yu faoliyati ko‘pchilikka ibrat bo‘ladi.

Ammo ma’naviyat tushunchasi haqida gap ketganda bahstalab jihatlar juda ko‘p. Deylik, doim halol yashab, mehnat qilib, chumoliga ham ozor bermay umrguzaronlik qilgan, keyin halolligiga putur yetkazadigan ishga majbur qilingan odam to‘satdan jinoyatga qo‘l ursa, bu odamni ma’naviyatsizga chiqaramizmi? Yoki hammaning ko‘z o‘ngida kitob o‘qigich, odamlarni halollikka undab, ammo o‘zi ta’ma ilinjida yurgan odamni ma’naviyatli deb aytolamizmi? Uning mezonlari qanaqa o‘zi? Chegaralari bormi?

Darvoqe, chegara haqida. Biz hatto tushunchalarning mohiyatidan ko‘ra chegarasini izlashga ko‘nikib qolgandaymiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uzoq yillar ma’naviyat sohasida faoliyat yuritib kelgan xodimlarning asosiy ishi chegara topishdan iborat bo‘lib qoldi, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Qanday kiyinish kerakligidan tortib, qanday gapirish, qanday yashash, qancha mablag‘ni qayerga sarflash kabi masalalar haqida maqolalar yozishdi, shu haqda ma’ruza o‘qishdi, shunday mezonlarni ilk ta’lim maskanidanoq singdira boshlashdi.

Eslab ko‘ring, bundan to‘rt-besh yil oldin ta’lim muassasasi bo‘ladimi yoki boshqa tashkilotmi, o‘sha yerda biror salbiy holat sodir bo‘lguday bo‘lsa «Ma’naviyatchi nima ish qilyapti? Ma’naviyatchi qayoqqa qarayapti?» degan savollar paydo bo‘ldi. Rostdan ham ma’naviyat otlig‘ tashkilot bo‘lgandan so‘ng u «javobgar» bo‘lishi kerak-da. Aks holda uning boshqa qanday yumushi bo‘lishi mumkin. Agar chuqurroq o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, jinoyat bormi, o‘quvchilarning bir-biri bilan urishib qolishimi, qizlarning tirnog‘i-yu o‘g‘il bolalarning sochi, toza-yu notozalik, internet o‘yinlari-yu xullas, nima iste’mol qilish - hammasi ma’naviyatchiga «bog‘liq» bo‘lib qoldi. Ma’naviyatchilar esa bu vazifani qay tariqa uddalashni bilmay, hammadan namunali qiyofa izlay boshladi. Chegaralar tortdi, namunalilar guruhini tashkil qildi. Faqat bu hayotda inson otlig‘ mavjudotning har biri o‘ziga xosligi unutib qo‘yildi. Uning chegarasi bunisiga to‘g‘ri kelmasligi «esdan chiqdi».

Bugun ehtimol, «ma’naviyatchilar» oldiga qo‘yilayotgan vazifalar o‘zgarayotgandir, har holda ushbu soha mutasaddilarining qizlar bunday kiyinishi kerak, yigitlarning soch turmagi mana bunday bo‘lishi kerak, qabilidagi maqolalari hozir ko‘zga tashlanmay qoldi yoki muharrirlar tomonidan qaytarilmoqda. Ammo uning natijalari qayerlardadir aks-sado berayotgani achinarli.

- O‘zbek guruhida o‘qiydigan talabalar bilan ishlashda ba’zi qiyinchiliklarni sezaman, ularni ba’zida qayta-qayta o‘qitishga to‘g‘ri keladi, - deydi oliy ta’lim muassasasida ishlaydigan pedagoglardan biri. - Jahon klassik adiblari asarlarining ba’zilarini o‘qish uchun topshiriq berganimizda, talabalar orasida bu asar bizning ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, deya tortishayotgan qatlam paydo bo‘layotgani meni pedagog sifatida tashvishga qo‘yadi. Dars rejasida Lev Tolstoyning «Anna Karenina» asari kiritilgan. Ushbu asarni o‘qib kelish haqida vazifa berganimda ba’zi talabalar "Bizga nima uchun ma’naviyatimizga, milliyligimizga to‘g‘ri kelmaydgan asarlarni o‘qitishni vazifa qilib beryapsiz? Bunga haqqingiz yo‘q", degan fikrlarni eshitdim. Ba’zida talabalarning turmush o‘rtoqlari kelib «Rafiqamga nima uchun bunday mazmundagi kitob o‘qishni aytdingiz?» deya so‘roqqa tutayotganlar ham bor. Rafiqasining qanday kitob o‘qiyotgani bilan qiziqqan erkakka rahmat aytaman, albatta. Unga filologiya fakultetida o‘qiydigan rafiqasi tushuntirolmagan fikrlarni yetkazishga urinaman, kezi kelganda. Talabalarga-ku, asosli javob berishim, ularning fikrini o‘zgartirishim mumkin, lekin meni qiynaydigani boshqa narsa. Qachondan beri jahon klassik asarlari bizning ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmay qoldi? Yoshlarda asarning quruq syujetigagina qarab xulosa chiqarish ko‘nikmasi qachon shakllandi o‘zi? Umumta’lim muassasalarida o‘quvchilar nahotki bu asarlar haqida yetarli tushunchaga ega bo‘lmagan? Eng yomoni, biz ularning ongiga singib qolgan bunday qarashni o‘zgartirishga qurbimiz yetarmikan? Filologiya fakultetida o‘qib, mumtoz asarlarni ma’naviyatimizga zid degan talabadan qanday mutaxassis chiqadi? Meni o‘ylantirayotgani mana shu.

Ustoz muallimaning fikrlari kishi xayollarini ostin-ustin qilib tashlaydi. Ma’naviyatimizga to‘g‘ri kelmaydi, deya o‘z qarichimiz bilan o‘lchanadigan dunyoqarashni boshqalarning ongiga ham singdirishga urindik. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu mavzu «kun yangiligi» sifatida qabul qilinib, uloqni istagancha «olib qochadigan»lar qatlami paydo bo‘ldi. Masalaning tub mohiyatiga yetib-yetmay fikr bildirish holatlari ko‘paydi.

Faqat oq va qora ranglarda fikrlash tendensiyasi kuchaydi. Agar kitob o‘qiydigan, biz ma’naviyatli hisoblaydigan «jonkuyarlar» shunday fikrlayversa, kelajakda faqat qoliplarimizga to‘g‘ri keladigan romanlarni o‘qishimiz, chegaralarimizga mos keladigan kino tomosha qilishimizga to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylamadik.

Yana bir ziyoli, talabalarga dars beruvchi bir ustozning fikrlarini eshitgach, yuqoridagi talabalarning da’volari holva ekan, deb qo‘ydim.

- Oynai jahonda namoyish etiladigan «Qora niyat» turk serialini nega taqiqlab qo‘yishdi, qiziq, - deydi u kishi. – Axir Chingiz Aytmatovning «Jamila» asari syujeti ham shu mazmunni beradiku. Uni o‘qidik nima-yu «Qora niyat»ni ko‘rdik nima?

Xullas, hali bunday bahslar uzoq davom etadimi, degan qo‘rquv, xavotir bor ko‘nglimda. «Ma’naviyat» esa o‘zanini keskin burib olishi yoki umuman ishlamasligi muhimroqmikan, degan xayollar qarshisida ham qolaman ba’zida.

Gulruh Mo‘minova. 

P/S. Maqola yozilgach, Prezidentimizning «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Ushbu qarorda «Targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimini joriy qilish» kabi sohaga oid qator yangi vazifalar belgilangan. Bu esa ma’naviyatning o‘z o‘zanini to‘g‘ri yo‘nalishida burib olishiga imkon.