Bizni yeb bitirayotgan ma’rakalar

Bundan rosa 50 kun oldin yon qo‘shnimiz 76 yoshida vafot etdi. Janozani o‘tkazib 3 kundan keyin "Xudoyi" qilishdi. Bir qo‘y so‘yildi. 30-40 kilo guruch damlandi. Shunga yarasha joy hozirlandi, dasturxon tuzaldi.

Keyin 40 kungacha, ya’ni "qirqi chiqquncha" har payshanba, yakshanba kunlari bu xonadonda fotihaxonlik bo‘ldi. Shunga qarab har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzalib odam kutildi. 

Mahallamiz odamlari janozada qatnashdi, "Xudoyi"da  qatnashishdi, kamiga esa yana ikki-uch martadan fotihaga kelishdi. Nihoyat janozadan qirq kun o‘tib "Qirq" ehsoni bo‘ldi. Yana bitta qo‘y so‘yildi, 30-40 kilo guruch damlandi.  Shunga yarasha joy hozirlandi,  dasturxon tuzaldi.

Shu bilan vafot etgan cholning o‘g‘li fotihaga keluvchilardan qutildi.

Ammo, kecha payshanba kuni qarasam tush paytida qo‘shnimning xonadonidan aza marosimiga monand kiyingan bir guruh mahalladosh ayollar chiqib ketishayapti. Ular fotihaga kelishgan. Marhumni qabrga qo‘yib kelishganiga 50 kun bo‘layapti. Erkaklar "Qirq"ni o‘tkazib fotihaxonlikni tugatishdi. Ammo ayollarni fotihaxonligi mana 2 oyda ham tugamayapti.

Siz taraflarda qandayligini bilmadim-u, ammo, biz taraflarda ayollar janozadan 2 oy o‘tkazib ham payshanba va yakshanba kunlari aza bo‘lgan xonadonga takror-takror fotihaxonlik qilish uchun boraveradilar. Hozircha ularni bu ishdan qaytaradigan hech kim topilmayapti. Mabodo qaytarishsa ham "bormasam faloncha (azador ayol) xafa bo‘ladi" deb ham qo‘yishadi.

O‘z navbatida azador xonadon ayollari ham agar mahalla ayollari fotihaga bir borib qayta borishmasa "falonchani oqibati yo‘q, fotihaxonlikka bir marta kelib, qayta kelmay ketdi" deb gina ham qilishadi.

Boshqa joylarni bilmadim-u, biz taraflarda bunday ishlar majburiyat darajasiga chiqib bo‘lgan. Aza bo‘lgan xonadon ahillari janozadan keyin hamma ishini yig‘ishtirib erkaklarni qirq kun, ayollarni esa 60 kun atrofida har payshanba, yakshanba kunlari dasturxon tuzab fotihaxonlarni kutishga majbur.

Bunday ishlar boylar va o‘rtahollarga bilinmas, ammo qo‘lida tayinli puli yo‘qlar, amallab kun ko‘radiganlar qiynalib qolishayapti.

Bolasi kasal, ayolining mazasi yo‘q. Sharoiti haminqadar. Qo‘lida puli yo‘q. Ana shunday holatda ham o‘sha xonadondan kimdir vafot etib qolsa, o‘sha xonadon qarz olib bo‘lsa-da, aza marosimlarini va ikki oylab cho‘ziladigan fotihaxonlikni o‘tkazishga majbur.

"O‘tkazmasa nima bo‘ladi? Ayb o‘zida" deysizmi?

To‘g‘ri, ayb o‘zida bo‘lgani ham bor, buni inkor qilmayman. Ammo, biz taraflarda shunday odamlar ham yashashadi-ki kimdir, qo‘li kaltaligi sabab bo‘lib vafot etgan otasini yoki onasini biron ma’rakasini o‘tkaza olmasa yoki kechiktirsa elning ichida "sen onangni yoki otangni falon ma’rakasini nega o‘tkazmading?" deb so‘roqqa tutadiganlar yoki "sen otangni yoki onangni falon ma’rakasini o‘tkaza olmagansan" deb kamsitib, ta’na qilib gapiradiganlar bor.

Ana shunday holatda "Hoy faloncha, o‘tir buyoqqa. Seni o‘zi sharoiting og‘ir. Onangning yoki otangning falon ma’rakasini o‘tkazishing shart emas, undan ko‘ra kasalmand bolangga, mazasi bo‘mayotgan ayolingga qara, ro‘zg‘oringning kam-ko‘stiga qara" deyish o‘rniga, aksincha "ma’rakalarni qachon o‘tkazasan?" yoki "nega o‘tkazmayapsan?" deb so‘roqqa tutadigan insonlarni qanday tushunish mumkin?

Ma’rakalarni qisqartirish, yengilroq o‘tkazish bo‘yicha imomlar qancha gapirishadi, mahalla raislari targ‘ib qilishadi. Ammo bu gaplar hech kimga ta’sir qilmayapti. Endi bizga me’yor belgilangan qonun kerak, deb o‘ylayman. 

To‘ylarni-ku odamlar biroz yig‘inib qilishar, ammo aza to‘satdan bo‘lib qoladi. Shunday ekan birinchi navbatda oshiqcha ehsonlar va fotihaxonlikni yo‘qotish kerak. Aks holda aza bo‘lgan xonadon janoza o‘tganidan keyin ikki oy o‘tsa ham fotihaxon ayollardan qutilmaydi.

Bu gaplarni nega yozayapman? Sababi, xalqimiz o‘ta ma’rakaparast bo‘lib ketdi. Kasal bolasi yoki kasalmand xotini o‘lsa o‘lib ketaversin, ammo u oldin turli ma’rakalarni boshqalardan kam qilmay o‘tkazishi kerak. Onasini davolatish kerak, ukasining ro‘zg‘ori o‘ta xarob, singillarining turmushi ham haminqadar, yo‘q, u aza ma’rakalarini boshqalardan kam qilmay o‘tkazishi shart.

Siz nima desangiz deng, ammo men bu elni, bu xalqni keraksiz ma’rakalar yeb bitirayapti, deyman.

Endi aqlni ishlatish, vaqti kelmadimi yaxshilar?

G‘ayrat Yo‘ldosh.