Bizning ko‘chaga ham hokimlar kelarmikan?

Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy mahallasi fuqarolarining o‘zaro suhbatidan:

- Viloyat va shahar hokimi Samarqand ko‘chalarini piyoda kezib, ularda amalga oshirilayotgan qurilish-obodonchilik ishlarini shaxsan o‘zlari ko‘zdan kechirayotganmishmi?

- Ey, bizning ko‘chaga kirishmaydi. Chunki mahallamizning asosiy ko‘chasi (Ulug‘ Tursunov ko‘chasi) yo‘li turli bahonalar bilan har yili kovlanadi. Ammo mutasaddilar kovlangan yo‘lni nomigagina yopib ketishadi. Buning oqibatida yog‘ingarchilik boshlandi deguncha, yo‘lning cho‘kmagan joyi qolmaydi.

- Bir oy ilgari, gaz quvurlarini o‘tkazish bahonasida ko‘chamizni yana kovlashni boshladi. Ishni rosa cho‘zishdi, texnikalar va piyodalarning o‘tib-qaytishiga xalaqit berishdi. Ko‘chadagi kovlangan joylarni amal-taqal qilib yopib ketishdi ham. Afsuski, mutasaddilar cho‘kish oqibatida bugun uydim-chuqur holatga kelib qolgan yo‘lni asfalt qilishni xayoliga ham keltirishmayapti?

- Mahallamiz fuqarolarining ishga, farzandlarimizning maktabga qatnashida noqulaylik tug‘dirayotgan ushbu kamchiliklarni hokimlar kelib ko‘rsaydi. Zora, ushbu muammolardan qutularmidik?