Blinken va Lavrov urush boshlanganidan beri birinchi marta uchrashdi
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Nyu-Dehlidagi G20 tashqi ishlar vazirlari sammiti doirasida urush boshlanganidan beri ilk bor yuzma-yuz uchrashdi.
AQSh Davlat departamentining ismini oshkor etmagan vakilining CNN telekanaliga aytishicha, uchrashuv rejalashtirilmagan va taxminan o‘n daqiqa davom etgan. Buni Blinken talab qilgan bo‘lsa-da, jurnalistlarga rossiyalik hamkasbi bilan to‘laqonli ikki tomonlama muzokaralar olib borish niyatida emasligini aytgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya va AQSh tashqi ishlar idoralari rahbarlari G20 sammitida "yo‘l-yo‘lakay" gaplashganini tasdiqladi. “Blinken Lavrov bilan muloqot qilishni so‘radi. Yo‘l-yo‘lakay, yigirmaning ikkinchi sessiyasi doirasida Sergey Viktorovich Blinken bilan suhbatlashdi. Hech qanday muzokara, uchrashuv va hokazolar bo‘lmadi”, deydi u.
CNN Davlat departamenti manbasiga ko‘ra, Blinken Lavrovga AQSh Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani “qancha kerak bo‘lsa” shuncha qo‘llab-quvvatlashda davom etishini aytgan. U, shuningdek, Moskvani Strategik qurollarni qisqartirish bo‘yicha shartnomada ishtirok etishni tiklash va josuslikda ayblanib, Rossiyada qattiq rejimli koloniyada 16 yilga qamalgan amerikalik Pol Uilanni ozod qilishga chaqirdi.
Blinken va Lavrov so‘nggi bor 2022 yil yanvarida, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanishidan bir oy oldin Jenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralarda uchrashgan edi.