BMT, Yevropa Ittifoqi, JSST G‘azodagi shifoxonaga zarbani keskin qoraladi, qator davlatlarda namoyishlar avj oldi

 
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga qilingan hujumni keskin qoraladi. “Biz tinch aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini zudlik bilan himoya qilishga, shuningdek, evakuatsiya bo‘yicha buyruqlarni (sektor aholisiga Isroil tomonidan chaqirilgan) bekor qilishga chaqiramiz”, dedi JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus kecha, 17 oktyabr kuni.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektoridagi al-Ahli kasalxonasiga uyushtirilgan hujum oqibatlaridan dahshatga tushganini aytib, tibbiyot muassasalari xalqaro huquq himoyasida ekanini ta’kidladi.
Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ham Isroilning shifoxonaga hujumini qoralab, buni xalqaro huquqning buzilishi deb atadi. 
Bundan tashqari, Isroilning kasalxonaga bergan zarbalarini ko‘plab davlatlar aybladi. Misr Prezidenti, Iordaniya qiroli, Suriya prezidenti, Kuba Prezidenti, Iroq hukumati, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlatlar Isroilning ushbu harakatini keskin qoraladi.

AQSh, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari, Fransiya Prezidenti, Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi, Ispaniya, Britaniya, Yaponiya Tashqi ishlar vazirliklari holta bo‘yicha tergov o‘tkazishga chaqirgan.
17 oktyabr kuni G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga berilgan zarba natijasida, 800 dan ortiq odam halok bo‘lgan, bularning barchasi tinch aholidir, deb xabar berdi anklav Sog‘liqni saqlash vazirligi.
Falastin prezidenti Mahmud Abbos qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi. G‘azodagi fojia tufayli Eron, Iroq, Livan va bir qator arab davlatlarida 18 oktyabr motam kuni deb e’lon qilinadi.  
Isroil bosh vaziri dastlab shifoxonaga raketa zarbasini tan olmay buni G‘azoning o‘zidan amalga oshirganini aytdi. Biroq, o‘nlab davlatlardan harbiy tahlilchilar va ekspertlar G‘azodagi kasalxonaga Isroilda mavjud, AQShda ishlab chiqarilgan JDAM raketasi bilan zarba berilganini aniqlashgan. Ekspertlarga ko‘ra, JDAM raketasining o‘ziga xos sifati uning tovushi hisoblanadi. Raketa juda katta tezlikda uchgani va ma’lum bir shaklga ega bo‘lgani uchun uning tovushini boshqa raketalardan osongina farqlash mumkin.