Bo‘sh turgan mablag‘dan qanday daromad olish mumkin?

2017 yil to‘rtinchi choragida aksiyadorlarga 473 407 ming va joriy yilning birinchi yarim yilligida 1 193 332 ming so‘m miqdorida dividend to‘lab berildi. 2017 yil yakuni bilan "Samarqand dori-darmon" aksiyadorlik jamiyatining 2016 yildagi sof daromadi hisobidan qiymati 1250 so‘mdan bo‘lgan 480 544 dona aksiya chiqarilib, jamiyatning 385 nafar aksiyadorlariga avvalgi aksiyasiga daromad sifatida bepul berildi. "Chelak paxta tozalash" aksiya­dorlik jamiyati ham 845 nafar aksiyadoriga daromadlari hisobidan 764 518,1 ming so‘mlik, "O‘zqishloq­elektrqurilish" aksiyadorlik jamiyati 1454 nafar aksiyadoriga 1 933 600 ming so‘mlik aksiyani bepul taqsimladi.

O‘tgan yillar davomida mamlakatimizda qimmatli qog‘ozlar bozoriga mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan yo‘naltirilgan bo‘sh pul mablag‘lariga daromad to‘lash bo‘yicha viloyatdagi aksiyadorlik jamiyatlari orqali 2,5 mingdan ortiq aksiyadorga 4 465 537,1 ming so‘m miqdorida mablag‘ to‘lab berildi. Ammo dividendlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni vaqtida oshkor qilmasdan, aksiyadorga o‘z mablag‘ini to‘lamaganligi uchun Oqdaryo tumanidagi "Yangiqo‘rg‘on paxta tozalash" aksiyadorlik jamiyatining xatti-harakatlari yuzasidan ish prokuraturaga o‘tkazildi va jamiyatning mansabdorlariga nisbatan sud tomonidan ma’muriy choralar qo‘llanildi. 

Mahalliy hamda xorijiy aksiyadorlarga jamiyatlar to‘g‘risida aksiyadorlik jamiyatlarining internet saytlariga qo‘shimcha ravishda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha www.openinfo.csm.gov.uz hamda respublika fond birjasi (www.uzse.uz) rasmiy saytlaridan doimiy va ishonchli ma’lumot olishlari mumkin.

Norboy JO‘LMATOV,

qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va

rivojlantirish markazi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i.