Bobur merosi – yoshlarga ibrat
Bobur merosi – yoshlarga ibrat
Qayg‘ungni cheka-cheka qaribdur Bobur,
Rahm aylaki, o‘zidin boribdur Bobur.
Noranj yubordi sangakim, bilmagaysen,
Ya’niki, bu nav’ sarg‘oribdur Bobur.
* * *
Hijron aro yod etib meni shod ayla,
Mahjur ko‘ngulni g‘amdin ozod ayla.
Bu xatni aning uchun bitdim munda,
Ko‘rgan Soyi xatimni, meni yod ayla.
* * *
Ul xatki, anda seni men yod etgaymen,
Ko‘z oqida koshki savod etgaymen,
Kifriklardan anga qalam rost qilib,
Ko‘z qarosidin anga midod etgaymen.
* * *
Nomangki tirikligim nishoni erdi,
Har satri hayoti jovidoni erdi,
Har lafzida oshkor yuz harfi vafo,
Har harfida yuz mehr nihoniy erdi.
* * *
Tuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Sarrishtai ayshdin ko‘ngulni zinhor
Uz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur.
* * *
Sen gulsenu men haqir bulbuldirmen,
Sen shu’lasen, ul shu’lag‘a men kuldirmen.
Nisbat yo‘qdur, deb ijtinob aylamakim,
Shohmen elga, vale senga quldurmen.
Bobur she’riyatini uning intellektual qalb izhori sifatida ardoqlaymiz. Asarlarining samimiy, ravon, tugal va mukammal uslublarda yozilishi milliy adabiyotimizni dunyoga tanitdi. Uning ilmiy-adabiy merosi bir necha asrlardan buyon chet ellarda o‘rganilib kelinadi. Shu bois ham bu buyuk bobokalonimizning xotirasi avlodlar qalbida mangu yashamoqda.
Shahlo AVFONOVA.
***
Samarqand qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida "Ajdodlar merosi – mangu barhayot" mavzusida tadbir o‘tkazilib, unda Zahiriddin Muhammad Boburning g‘azal va ruboylari o‘qildi, asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.
Ozoda FAYZIYeVA.
***
Samarqand shahridagi 3-umumta’lim maktabidagi tadbirda Boburning hayoti va faoliyati, turkiy tilning qudratini dunyoga baralla ko‘rsata olgani o‘quvchilarga so‘zlab berildi.
Sharofiddin ShARIPOV.
***
Ichki ishlar vazirligining Samarqand akademik litseyida "Boburnoma" asarida tasvirlangan Movarounnahr va Hindistondagi voqea-hodisalar, qadimiy shaharlar, tarixiy shaxslar haqidagi ma’lumotlar tahlil qilindi.
Dilfuza RAHMATOVA.
***
Samarqand tumanidagi Gulobod ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida Zahiriddin Muhammad Boburning Vatanga mehri, saxiyligi, mehnatsevarligi, ilm olish, hunar egallashga bo‘lgan intilishi o‘quvchilarga ibrat qilib ko‘rsatildi.
Rahmatillo FOZILOV.