Bog‘cha bolani vaqtincha ushlab turadigan joy emas, ta’lim-tarbiya maskani

Ha, shunday, bog‘cha o‘z nomi bilan maktabgacha ta’lim tashkiloti. Afsuski, haligacha ayrim ota-onalar bu maskanlarni bolani kun bo‘yi olib o‘tiradigan, ularni yedirib-ichiradigan joy deb biladi. Ular bog‘chadagi taomnoma, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan qiziqadi-yu qanday ta’lim berilishiga ko‘p e’tibor bermaydi.

Aslida esa bugun maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalarni sog‘lom ovqatlantirish, jismoniy chiniqtirish, ta’lim-tarbiya berish va maktabga tayyorlash vazifasi qo‘yilgan. Ota-onalar ham ana shu jihatlariga qarab, farzandi uchun bog‘cha tanlaydi. Bolaning qiziqish, iqtidori va layoqatiga qarab to‘g‘ri tanlangan muassasa uning kelajakda o‘z yo‘lini topib olishiga mustahkam poydevor qo‘yishga asos bo‘ladi.

Misol uchun, deyarli aksariyat bolalar rasm chizishga qiziqadi yoki biror narsa yasashni istaydi. Bu ularning ko‘rgan-kechirganlarini mustaqil tasvirlash, o‘z tasavvurini shu orqali bildirishga intilishi hisoblanadi. Ammo bunday paytda ba’zi ota-onalar bolaning ra’yiga qaramasdan, hamma joyga chizib tashlama, uni besaranjom qilma, qog‘ozni, qalamni isrof qilma, deb dakki berishadi. Va shu harakatlari bilan ular o‘z farzandidagi iqtidor, intilishni so‘ndirishga sababchi bo‘ladi.

Har qanday holatda ham ota-ona bolasining ko‘ngliga qarab, u nimani istayotgani, nimaga intilayotgani va qo‘lidan nima kelishi bilan qiziqishi, bunga imkoniyat yaratib berishi lozim. Bu borada ota-onalar maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda ishlasa ayni muddao bo‘lardi.

Nafisa Pardayeva,
Oqdaryo tumanidagi 20-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi.