Bog‘cha remonti uchun 100 ming, ichida bog‘cha opaning sovg‘asiyam bor...

Yozmayman, tinchgina sigirimni sog‘ib, pomidorlarimni parvarish qilib, sut-qatiq, qaymoq sotaman, deymanu... Yana jununim boshimga chiqib yozib qo‘yganimni bilmayman, deb yozmoqda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Sharifa Madrahimova. Bugun telefonim jiringladi. Olsam ovozi mayin bir qiz.

- Siz Mahmudjonning ayasimisiz? - dedi.

- Ha, - dedim.

- Men Mahmudjonning guruhidagi bolalardan birining onasiman, - deb muddaoga o‘tdi. - Biz ota-onalar bilan kelishib Mahmudjonlarning "Xayr bog‘cha" tadbiriga 100 ming so‘mdan yig‘adigan bo‘ldik. Buning ichiga bog‘chaga remont, bolalarning chiqimlari va bog‘cha opaga sovg‘a ham kiradi, - dedi.

- Nega boshqa bog‘chalar 50-70 mingdan yig‘yapti, biz ham 50 mingdan yig‘sak bo‘lmaydimi? – dedim.

- Bilmadim, men yosh onaman, buvilar aytyapti - dedi.

Yaqinda o‘zi Muniraning 4-sinfni bitirishiga 100 mingdan yig‘ib bergandik. Xudo biladi o‘shaning necha puli nimaga ishlatildi. Xuddi shu 100 mingni ichida maktab remonti ham bor edi. 
Men qiziqyapman, davlat byudjetining eng katta qismi ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimiga ajratiladi. Nega yana maktab va bog‘chalarda “yig‘-yig‘”lar tugamayapti. Davlatning puli qayerga ketyapti. Davlat remont uchun deb ajratgan pul nega shaffof xalqning ko‘z o‘ngida ishlatilmaydi. Nega har yili ota-onalar remont uchun pul yig‘ib beradi? Nega, nega, nega?

Yana eng yomoni, dushman o‘zimizdan chiqadi. Bir-ikkita ustozga yaxshi ko‘rinish istagidagi ota-ona taklif xuddi o‘zidan chiqqanday gapiradi. O‘shalarning qo‘li bilan ish qilinadi. Go‘yoki taklif ota-onadan chiqqanday. Kimdir bog‘cha va maktablar remontini tekshiradimi? Kimdir xalqqa pullari talon-taroj bo‘layotganini isbotlab bera oladimi? Kimdir yoki kimlardar Prezidentni aldayotganini tan oladimi?