Bog‘ishamol zamonaviy kollektori Samarqand shahri ko‘chalarini suv toshqinidan asraydi
Samarqand shahrini ko‘ndalangiga kesib o‘tgan Bog‘ishamol kollektori qadimiy ariqlardan biri bo‘lib, uzunligi 9,5 kilometrni tashkil etadi. 1979 yilda qaytadan kovlanib, kanal holatiga keltirilgan suv inshootida soniyasiga 1 kub metrdan ortiq suv oqib o‘tadi. Ariqning 2 kilometr qismi tuproq o‘zanli bo‘lsa, qolgani beton bilan qoplangan.
Ikki yildan buyon bahorda Samarqand shahrining Dahbed, Termiz kabi ko‘chalarida yashovchi aholi xonadonlari oqova suvlar tagida qoladi. Ayniqsa, Bog‘ishamol arig‘ining Chashma, Siyob hamda boshqa kanal-kollektorlar bilan tutashgan qismidagi o‘pirilishlar tufayli to‘planib qolgan ko‘p miqdordagi yomg‘ir suvlari keyingi ikki yilda mutasaddilarni shoshirib qo‘ydi.
Joriy yil viloyat hokimining tashabbusi bilan aynan ariqlar tutashadigan gidroinshootlar ochilib, qaytadan ta’mirdan chiqarishga, shuningdek, shaharni kesib o‘tuvchi barcha ariq, kanal va kollektorlarning muhofaza hududlarini tozalashga qaror qilindi. Buning uchun viloyat byudjetidan mablag‘ ham ajratildi.
- Mazkur kollektor shahrimizdagi eng yirik suv o‘tkazgich hisoblanadi, - deydi «Samarqand maxsus suv qurilish pudratchi» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Botir Xudoyberdiyev. – Ammo 40 yildan buyon biror marta tozalanmagan. U maishiy va qurilish chiqindilari bilan to‘lib qolgan. Oqibatda gidroinshootning o‘tkazuvchanlik sig‘imi torayib, ko‘chalarga yomg‘ir suvlari toshib ketgan. Ishchilarimiz bir hafta davomida kollektorni tozalab, 100 tonnadan ziyod chiqindi olib chiqdi. Shuningdek, kollektorni yopib turgan 9 ta beton plitalar almashtirildi.
Quruvchilar o‘n metr tuproq ostida qolib ketgan kollektorni ochib zamonaviy loyiha asosida qaytadan qurmoqda. Jami 158 million so‘m mablag‘ sarflangan mazkur inshootning usti tez kunlarda beton plitalar bilan mustahkam qilib yopiladi. Dahbed ko‘chasida joylashgan ikkinchi gidroinshoot ham xuddi shu yo‘sinda kovlanib, atrofi mustahkamlanadi. Zarurat tug‘ilgan paytida ularning ichiga tushib tozalash mumkin bo‘ladi. Ikkala yer osti kollektori to‘liq ishga tushsa, ular 1,5 million kub metrgacha oqova suvni qabul qila olishi mumkin.
Ma’lumki, Orzu Mahmudov ko‘chasida gastronomik turizmni rivojlantirish maqsadida milliy oshxonalar tizimi tashkil etilyapti. Shu sababli Bog‘ishamol arig‘ining ushbu ko‘chadan o‘tgan qismida shaharsozlik loyihalari asosida piyodalar yo‘lakchasi hamda ko‘priklar qurilmoqda. Shuningdek, mazkur hududda barpo etilayotgan bog‘ va xiyobonlar, yashil maydonlarni sug‘orish uchun 3 ta kichik darg‘atlar, ya’ni suv o‘tkazgichlar o‘rnatildi. Endi ushbu o‘rnatilgan sug‘orish tizimi yordamida Universitet xiyoboni hamda Alisher Navoiy nomli markaziy istirohat bog‘i ham suv bilan ta’minlanadi.
Siyobcha arig‘ining Mir Said Baraka mahallasidan o‘tgan qismida hamon «snos» ishlari davom etmoqda. Ariq yoqasida joylashgan noqonuniy qurilmalarni buzishda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, «Suvoqova», yer tuzish va kadastr kabi idoralar vakillari bosh-qosh bo‘lmoqda.
- Siyob ko‘chasida beshta xonadonning noqonuniy qurilmalari buzib olindi, - deydi Samarqand shahar uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi boshlig‘i Firdavs Mamadiyorov. – Ammo ayrim uy egalari tartibga rioya qilmasdan buzilgan joyni yana devor bilan o‘rab olyapti. Shu ko‘chadagi 9-«A» uy egalari esa hududda obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan ishchilarga piyodalar yo‘lagi qurishiga xalaqit bermoqda.
Mazkur ko‘chada joylashgan 7-uy egalari esa yana beton quyish ishlarini olib borayotganligi tufayli ariq muhofazasi uchun ajratilgan 5 metr masofa qisqarmoqda. Mahalladagi ayrim xonadon egalari buzilgan joylarni tozalash, obodonlashtirish ishlariga o‘z hissasini qo‘shish u yoqda tursin, turli yo‘llar bilan shahar hokimligi va obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga ariqni tozalashga xalaqit berishayotganiga nima deysiz?
- Ayrim xonadon egalari borki, ariqni o‘zboshimchalik bilan har tomonlama o‘rab olgan, - deydi shahar obodonlashtirish bo‘limi irrigatori Ismatillo Davlatov. – Natijada ekskovator bilan ariq yoqalab yurib tozalashga qiynalyapmiz. Shuningdek, ayrim fuqarolar tozalab olingan ariqqa kechasi kelib turli qurilish chiqindilarini tashlab ketayotganini qanday tushunish mumkin? Ba’zilari esa ertalab ishga ketayotganda ochiqdan ochiq mashinasidagi chiqindi solingan qoplarni ariqning ichiga otib yuborishadi. Uyma-uy yurib tushuntirish ishlarini olib borishimizga qaramasdan baribir shu ishlar takrorlanmoqda. Ularga jiddiyroq chora ko‘rmasa bo‘lmaydi.
- Bog‘ishamol arig‘ining 2 kilometr qismi aholi xonadonlari joylashgan hududdan o‘tar ekan, - deydi Nurobod mahallasida yashovchi Rahim Botirov. – Jumladan, bizning ham ko‘chamizni kesib o‘tadi. Tan olish kerak, aholi tomonidan tashlangan chiqindilar tufayli ariq to‘lib, suv ko‘chaga chiqib ketgan holatlar ham ko‘p bo‘lgan. Endi bo‘lsa, muntazam uni tozaligini nazorat qilib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni buzib, muhofaza hududini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ayni muddao bo‘lmoqda. Farzandlarimizga ariqni doimo toza saqlash kerakligini, unga turli chiqindilarni tashlamaslik kerakligini ta’kidlab kelyapmiz.
Dilmurod TO‘XTAYeV,
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.