Bojsiz savdo bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi va Payariq va Oqdaryo tumani hokimliklari hamkorligida O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi.
Mamlakatimizda soha tubdan isloh qilinmoqda. 2019 yil 30 dekabrda qabul qilingan qonunga muvofiq 1 yanvardan soliqqa tortish tizimida qator tartiblar o‘zgartirildi. Natijada Soliq kodeksi tarkibi 71 bob, 480 moddaga yetdi. Endilikda, mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar 9 turdagi soliq to‘lovlarini amalga oshiradi.
Tadbir davomida viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sh.Salixov tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga muvofiq bojxona organlari faoliyati bilan bog‘liq bir qator munosabatlarga ham o‘zgartirish kiritilganligi to‘g‘risida batafsil tushuncha berdi.
Xususan, o‘zgarishlarga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab:
- transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazishda (shu jumladan, tahlil etiladigan bitimning va taqqoslanadigan bitimlarning tijorat va moliyaviy shartlarini taqqoslash chog‘ida) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan e’lon qilinadigan yoki so‘rovga ko‘ra, taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdosining bojxona statistikasidan foydalanadi;
- O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tuvchi shaxslar O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar, deb e’tirof etiladi;
- bojsiz savdo bojxona tartib-taomiliga joylashtirilgan tovarlarni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma soliq solishdan ozod etiladi;
- jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirishning bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida tasdiqlangan normalari doirasida olib kirilayotgan tovarlar soliq solishdan ozod etiladi.
Albatta, bu islohot zamirida qonunchilikni soddalashtirish, ziddiyat va qarama-qarshiliklarga barham berish bilan bir qatorda tadbirkorlar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Tadbirda viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari D.Nurmuxamedov so‘zga chiqib, yangi Soliq kodeksida insofli soliq to‘lovchilarning manfaatlarini himoyalovchi yuzdan oshiq o‘zgarish kiritilgani soliq tizimini rivojlantirishga, byudjetga tushumlarning ixtiyoriy to‘lanishi hamda tadbirkorlarning o‘z mablag‘ini erkin tasarruf etishiga imkon yaratishi to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’lumot berib o‘tdi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari J.Uroqov qatnashdi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.