Bojxona posti yangi manzilga ko‘chdi
“Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postining yangi manzildagi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
2020 yilda viloyatimizda 25 562 ta bojxona yuk deklaratsiyalari asosida 240,9 million dollarlik qariyb 436 ming tonna eksport-import tovarlarining bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan. Viloyatimizda eksport tovarlarning 54,3 foizi, import tovarlarining 15,6 foizi avtotransport vositalarida tashilgan. Bu yumushlar Samarqand shahrining markazida joylashgan, xalq tilida «Makaronka» deb yuritiladigan “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida amalga oshirilgan. Ushbu postning shahar markazida joylashganligi, birinchidan, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirgan bo‘lsa, ikkinchidan, yuk avtotransportlarining postga kelishi tufayli shaharda tirbandlik yuzaga kelardi.
Bugun, 26 yanvar - Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan “Samarqand” tashqi iqtisodiy faoliyati bojxona postining yangi manzildagi zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu yangi bino Samarqand-Buxoro-Turkmanobod avtomagistral yo‘li yoqasida joylashganligi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ham birmuncha qulayliklar yaratadi. 1,2 gektar maydondagi logistika markazi Davlat bojxona qo‘mitasining 12,6 million dollar mablag‘i hisobidan qurildi. 3,3 ming kvadrat metr maydondagi bojxona omborlarida bir vaqtning o‘zida 1200 tonnaga yaqin tovarlarni saqlash mumkin.
- Avvalgi postda kuniga 20-30 tagacha yuk avtotransportlarini qabul qilish imkoni bor edi, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i Yakub Mirzarahimov. – Yangi postda esa kuniga 60-70 tagacha yuk avtomobillarini qabul qilish imkoni bor. Yana bir ahamiyatli jihati, yangi logistika markazida bir joyning o‘zida test, ekspertiza, o‘simliklar karantini, davlat sanitariya, veterinariya xizmati kabi sertifikat idoralari va bank shoxobchasi ham tashkil etilib, “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Bu, avvalo, vaqtni tejaydi, qolaversa, tashqi iqtisodiy savdo ishtirokchilariga qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Yangi postning ochilish tadbirida viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov, senator F.Toshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati E.Salihov va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Sana munosabati bilan bir guruh soha xodimlariga viloyat hokimligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqarmaning faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘ktam Xudoyberdiyev,
Alisher Isroilov (foto).