Bojxona tekshiruviga 30 soniya kifoya
Samarqand xalqaro aeroportida soatiga 1200 nafardan ziyod yo‘lovchiga bojxona xizmatlari ko‘rsatib kelinyapti.
Oldin mazkur aeroportda nazorat, xavfsizlik va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish tizimida muammo va kamchiliklar, qonunbuzilish holatlari ko‘p kuzatilgan. Ayni paytda tizimda inson omili kamaytirilib, fuqarolarni qabul qilish va xizmat ko‘rsatishda tezkorlik ta’minlanmoqda.
Viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda “Samarqand aeroporti” chegara bojxona postida yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda “masofaviy bojxona nazorati” tizimi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bojxona posti boshlig‘i Akbar Meliboyevning ma’lum qilishicha, Samarqand xalqaro aeroportining uchib ketish yo‘laklarida 2022 yil aprel oyidan O‘zbekistonda ilk marta “masofaviy bojxona nazorati” tizimi ishga tushirilgan. Ushbu tizim orqali O‘zbekistondan boshqa davlatga uchib ketuvchilar 30 soniyada bojxona tekshiruvidan o‘tadi. Ularning yuklari ham shuncha muddatda tekshiriladi. Qolaversa, mamlakatga keluvchi har qanday shaxs va uning yuki haqidagi ma’lumot aeroportdagi situatsion markazga oldindan yetkaziladi.
- Shubha ostiga olingan fuqarolar aeroportga kirgach, yukini topshirib, o‘zi “body scaner” qurilmasidan o‘tadi, - deydi A.Meliboyev. - Ularning tanalari skaner qilinib, ma’lumotlari elektron jurnalda qayd etib boriladi. Agar fuqaro bungacha ushbu aeroportdan uchgan bo‘lsa, u haqdagi eski ma’lumotlar tarixi ham chiqadi. Ushbu qurilma giyohvand moddalar, zargarlik buyumlarini oshqozoniga yoki tanasining boshqa qismiga yashirib o‘tmoqchi bo‘lganlarni tezda aniqlaydi. Yuklar esa rentgen apparatidan o‘tkaziladi. Uskuna monitorida yuk ichida nimalar borligi ko‘rinadi va har bir jism maxsus belgilangan ranglarda tasvirlanadi.
O‘zbekistonga kirish, ya’ni aeroportning uchib kelish qismida har bir fuqaro va yuklarning ma’lumotlari avvaldan aeroportdagi situatsion markazga yetkaziladi. Bino shiftiga o‘rnatilgan maxsus kameralar shubha ostiga olingan fuqarolarni avvaldan aniqlaydi hamda ularning ko‘rinishi, kiyimi, yuki haqidagi tafsilotlarni situatsion markazga yetkazadi. Markaz xodimlari buni ko‘rgach, uchib kelish joyida turgan tekshiruvchi bojxona xodimlariga xabar qiladi. Tekshiruvchilar shubhaga olingan yo‘lovchilarni to‘xtatib, yuklarini ikki uch o‘lchamli nazorat apparatidan o‘tkazadi. Agar ortiqcha tovarlar aniqlansa, uni vaqtincha saqlovga qo‘yadi. Yo‘lovchi bilan huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma tuziladi.
Press-tur davomida uchib kelish va ketish bo‘yicha barcha reyslar haqidagi ma’lumotlar “Aviamn” dasturidan o‘rin olganiga guvoh bo‘ldik. Uchib kelayotgan fuqaroning ma’lumoti, hatto qaysi o‘rindiqdaligi ham dasturga kiritilar ekan. Masalan, Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lsangiz, siz xarid qilgan chiptadan tortib, tegishli ma’lumotlaringizgacha barchasi Turkiya aeroportida bo‘ladi. Ma’lumotlar O‘zbekistonga ham xuddi shu tartibda yetib keladi.
- Masofaviy bojxona nazorati tizimi ishga tushgach, qoidabuzarliklar soni ko‘paymoqda, - deya so‘zida davom etdi, - A.Meliboyev. - Avval nazorat tizimi talab darajasida bo‘lmagani uchun taqiqlangan buyumlar va yuklar turli yo‘llar bilan olib o‘tilgan. Ayni paytda esa buning iloji yo‘q. Jumladan, 2023 yilda Samarqand xalqaro aeroportida 9 milliard so‘mlik bojxona qoidabuzarliklari aniqlandi. Joriy yilning yanvar oyida esa 145 nafar xavf kuzatilgan yo‘lovchi “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilib, 22 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi va qiymati 1063,360 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.
O‘tgan bir oyda “Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti orqali 563 ta avireys amalga oshirilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan reyslar soni 109 taga yoki 24 foizga ko‘paygan. Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroporti orqali 95 ming 645 nafar yo‘lovchi harakatlangan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga ko‘pdir.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.