Bojxonadan yuk o‘tkazish osonmi?

Bu savol ikki yoki uch yil oldin berilganda, aksariyatning javobi salbiy bo‘lishi aniq edi. Papkalab hujjat yig‘ish, navbatga turish, kamiga yukning tekshirilishini bir-ikki kunlab kutish kimga ham yoqadi deysiz. Bugun-chi? Bugun ular masofadan turib bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishi, yukini bir necha daqiqalarda chegaradan o‘tkazishi mumkin, desak ishonasizmi?

Viloyat bojxona boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan press-turda tizimga tadbiq etilgan ayni texnologiya imkoniyatlari bilan tanishdik.

Viloyat bojxona boshqarmasi binosida joylashgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona posti mazkur tizimning “miyasi” hisoblanadi. Sababi, fuqaro va tadbirkorlar tomonidan yuborilgan barcha elektron deklaratsiyalar shu yerga keladi va o‘rganiladi.

— Bu yerda ham ish “yashil”, “sariq” va “qizil” yo‘lak tartibida tashkil etilgan, - deydi post boshlig‘i, bojxona mayori G‘olib Mavlonov. – Joriy yilning o‘tgan vaqtida postda 39 mingdan ortiq yuk deklaratsiyalari rasmiylashtirilgan bo‘lsa, shundan 13 mingdan ortig‘i “yashil”, 16 mingga yaqini “sariq” va 10 mingdan ziyodi “qizil” yo‘lak orqali o‘tkazilgan. E’tiborlisi, “yashil” yo‘lakdan o‘tgan yuklar 33,5 foizni tashkil etib, shundan 22-23 foizi avtomatik ravishda, ya’ni bojxonachilarning hech qanday ishtirokisiz rasmiylashtirildi. Mazkur jarayonlar tizimdagi xavfni boshqarish algoritmi orqali tartibga solinadi. Bu esa yuk egasining vaqtini tejab, bojxona xodimlari ishtirokidagi korrupsion holatlarning oldini oladi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tizim o‘zimizda, bojxona xodimlari tomonidan ishlab chiqilgan va doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda. Muhimi, unda asosiy e’tibor fuqaro va tadbirkorlarga qulaylik yaratishga qaratilgan. Aytaylik, tadbirkor deklaratsiyani noto‘g‘ri to‘ldirgan. Bu holatda bojxona mutaxassisi uni bu haqda ogohlantirib, xatolikni ko‘rsatadi hamda uni to‘g‘rilash uchun qo‘shimcha vaqt beradi.

Tadbir ishtirokchilari “Saxari” MChJda ham bo‘lib, bojxonada yaratilgan qulayliklarning korxona faoliyatidagi samarasi bilan tanishishdi. Korxonaning marketing bo‘limi boshlig‘i Xalilullo Muhiddinovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, muzlatkich ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonaga 2021-2022 yillarda Eron, Xitoy va Turkiya davlatlaridan qiymati  2 million 396 ming AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan asbob-uskunalar olib kelingan. Mazkur yuklarga bojxona to‘lovlaridan jami 2 milliard 454 million so‘m imtiyoz qo‘llanilgan.

— Faoliyatimizni endi boshlaganimizda xorijdan kelgan yukning bojxonadan o‘tishini bir-ikki kunlab kutib qolar, hujjat yig‘ib sarson bo‘lar edik, - deydi X.Muhiddinov. – Hozir buning uchun bir soat ham vaqtimiz ketmaydi. Quvontiradigani, yukka oid barcha hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi va olinadi. Bu tadbirkorlarga katta qulaylik yaratadi. Ana shu qulayliklar samarasini bizning korxona faoliyati misolida ham ko‘rishingiz mumkin. Ayni kunda korxonamizda 120 nafar ishchi-xodim ishlaydi. Bir kunda 3 turdagi 200 dona muzlatkichni ishlab chiqarash quvvatiga egamiz. Joriy yil boshidan xorijga 49 ming AQSh dollari qiymatidagi tovarni eksport qilishga erishdik.

Asqar Barotov.