Bola qachon kitob o‘qiydi?

Ko‘p guvohi bo‘laman, ota-onalar farzandining kitob o‘qimasligidan shikoyat qiladi. "Qo‘ygan joyida qoldi, varaqlab ham ko‘rmadi. Aksincha, qo‘lidan telefon tushmaydi" deyishadi hasrat bilan.

"O‘zingiz birga o‘qimadingizmi?" degan savolimga "Nimalar deyapsiz, endi men kitob o‘qib o‘tirmayman-ku, bolalar o‘qishsinda" deyishadi. Lekin xalqimiz bekorga "Qush uyasida ko‘rganini qiladi" demagan. O‘zlari qo‘l telefondan bosh ko‘tarmagan ota yoki ona farzandining kitob o‘qimaganidan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi.

Ota-ona farzandi kelajagi yo‘lida yelib, yuguradi. Qornini to‘qlay, ustini butlay deydi. Buni hayotning muhim qoidasi, burch sifatida qabul qilamiz. Ammo bolaning qalbini kim to‘qlaydi? Ongini kim butlaydi? Endi shu tomonlariga ham jiddiy e’tibor berish fursati yetdi nazarimda.

Qachongacha "Bolam, sening yeganing oldingda, yemaganing ketingda, sen kiygan kiyim boshqada yo‘qmikan" deya ko‘nglimizni xotirjam qilamiz.

Bugun zamon o‘zgacha. Farzandingiz faqatgina to‘q qorni, but usti bilan hayotda o‘rin topa olmaydi. U bilim, salohiyat, farosat kabi insoniy fazilatlar bilan qurollanmas ekan, jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmaydi. Bu fazilatlar birinchi galda oilada shakllanadi.

Bugun aholimizning 55 foizini yoshlar tashkil qilmoqda. Ular naqadar bilimli bo‘lsa, yangi O‘zbekistonni qurishga shu qadar kamarbasta bo‘ladi.

E’tibor qiling-a, kitob o‘qigan bolaning yuzida nur balqib turadi. Odobi bir tomonu, so‘zi bir tomonligidan hayratlanasiz. Kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo‘ladi.U oldiga maqsad qo‘ya oladi va shu maqsadi yo‘lida tinimsiz izlanadi. Qalbida “Ustozlarimga, ota-onamga, aziz yurtimga munosib bo‘laman” degan ahd bo‘ladi.   Ishontirib aytamanki, uyda kattalar mutolaa qilsagina, javonlarda turli yaltiroq buyum emas, kitoblar saf tortgan bo‘lsagina, oilada eng yaxshi sovg‘a kitob deya e’tirof etilsagina o‘sha uyda nur, ziyo bor va bu ne’matdan o‘sib kelayotgan bola bahramand bo‘la oladi.

Farzandlarimiz qo‘liga kitob beraylik. Bu bilan ular qalbiga oftob, umrlariga ziyo, mazmun kirib borsin!

Badriddin Nasriyev,

xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.