Bolaginam, tirikmisan?

Kishini lohas qiluvchi issiq kechga borib o‘z zabtidan ancha tushdi. Samoda milt-milt yulduzlar ko‘rina boshlagandagina charchoqning zo‘ridan yumilay-yumilay, deb qolgan ko‘zlar bir-biriga termildi.

Dalani saranjomlab, uylariga qaytisharkan Gulsara opaning yuragi bezilladi. Choli allamahalgacha g‘o‘zalari bilan qolib ketadigan odat chiqargan. Tinchlik zamon bo‘lganida Gulsara opa "Kim bilan muncha qolib ketding", deb to‘polon qilarmidi? Hozir vaziyat boshqa. Yolg‘iz o‘g‘li Shorasul o‘zga ellarda dushman bilan qon kechib jang qilmoqda. Qachonlardir kelgan, "Onajon, sog‘indim!" mazmunidagi xatlargina sho‘rlik onaning o‘ksik qalbini butkul parchalanishdan tutib turibdi.

Gulsara opa ichkariga kirishi bilan molxona tarafdan qo‘ylarning ma’rashi eshitildi. Chorpoya yonida yotgan it pinakka ketgan shekilli, erinibgina boshini ko‘tardi, egasini tanib, dumini likillatib qo‘ydi-yu, yana uyquga ketdi.

Opa hayvonlarga yemish tashlab kelib, so‘riga uzaldi. Ko‘z oldiga yana o‘g‘li keldi. Avvallari Shorasuldan tez-tez xat kelib turdi. Har yozganida o‘zining salomat ekani, otasi, onasi, qishlog‘ini sog‘inganini yozardi. Mana, bir yil bo‘ldi, o‘g‘lidan nom-nishon yo‘q, bedarak ketdi... O‘tkir aka dunyodan qo‘l yuvgan kishidek daladan beri kelmay qo‘ydi. Ketmonini yelkasiga ilgancha azonda chiqib ketadi. Shu bo‘yi allamahalgacha qorasini ko‘rsatmaydi.

Gulsara opaning qop-qora sochlariga bir kechada qor yog‘di... Qaddi bukilib, bir yil ichida o‘n yilga qaridi. Mana, o‘z husni bilan mag‘rur oy ham ancha balandlab qoldi, opaning ko‘zlaridan qaynoq yoshlari quyilib kelaverdi. Go‘yoki oyda farzandi aksini ko‘rgandek, unda Shorasulning ko‘rkam yuzlari kulib, "Onajon, yig‘lamang", degandek tuyuldi.

O‘g‘lini uzoq duo qildi. Duoda har galgi gapni qaytarardi:

"Bolaginam, tirikmisan?"

Dilrabo ShODIYeVA,

Narpay tumanidagi 34-maktab o‘qituvchisi.