Bo‘lajak informatiklar uchun mehnat yarmarkasi tashkil etildi
Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda TATU Samarqand filiali hamkorligida bitiruvchi kurs talabalari uchun “Karera kuni” mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Tadbirda TATU Samarqand filiali bitiruvchilari hamda boshqarma tizimidagi 1262 ta umumta’lim maktablaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha 16 ta tuman va shaharlarning Inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘limi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Men maktablarda sizga o‘xshagan bilimli, o‘z kasbining ustasi, ko‘zi yonib turadigan axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislarni 60 mingdan ortiq pedogoglar jamoasi orasida ko‘rishni istayman, - dedi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shokir Sultonov. -
Bugun viloyat maktablarida 148 ta AKT mutaxassisligi va informatika o‘qituvchilari yetishmaydi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan birinchi sinfdan informatika fani o‘qitiladi. Bu informatika fani o‘qituvchilariga bo‘lgan talabni yanada oshiradi.
Bundan tashqari, maktablarda informatika fani to‘garaklari ochiladi.
Mehnat yarmarkasida oliygoh bitiruvchilari bilan ishga kirishni rasmiylashtirish tartibi va boshqa masalalar muhokama etildi.
Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.