Bolalar barcha shakldagi zo‘ravonliklardan himoya qilinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, loyihaning qabul qilinishi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xususan, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi sub’yektlar qatoriga Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari ham kiritildi. Bunda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish faoliyatini bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan muvofiqlashtirilishi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi komissiyaning ishchi organi, qolaversa, qonun ijrosini ta’minlash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinib, bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilmoqda. Himoya orderi ichki ishlar organlari tomonidan berilishi va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga yoki uning qonuniy vakiliga vakolatli davlat organi ishtirokida topshirilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishda ota-onalarning ishtiroki va ularning majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Ota-onalarning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) bolalarni tarbiyalash usullari mensimaslik, shafqatsizlik, qo‘pollikdan, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomaladan, bolalarni haqoratlash yoki ekspluatatsiya qilishdan xoli bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilmoqda.
Shu bilan birga, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchi va uning qonuniy vakili moddiy zararning o‘rnini qoplash hamda ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat etganda davlat boji to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.