Bolalar uchun kitoblar ko‘p, ammo mazmuni…
To‘g‘ri, bu borada xususiy va davlat nashriyotlari rang-barang kitoblarni chop etmoqda. Lekin ularning soni ko‘p-u, mazmun-mohiyati talabga javob bermaydi.
Misol uchun, "Ertaklar olamiga sayohat", "Ertaklar vodiysi" nomli turkum ertaklar to‘plamlari mavjud. Bu kitoblardan o‘rin olgan ertaklarning aksariyatida na ma’no bor, na mantiq. "Ertaklar vodiysi" kitobining 5-sonini qizimga olib berdim. Kitobda har bir ertakdan keyin bolalarning fikrlashlari uchun mashqlar, maqollar berilgani e’tiborli. Ammo birinchi hikoyadanoq hafsalam pir bo‘ldi. Biz yoshligimizdan eshitib katta bo‘lgan "Oltin tarvuz" ertagining salgina boshqa shakli – "Oqko‘ngil bobo bilan qush". Unda aytilishicha, "Qadim zamonlarda bir o‘tinchi yolg‘iz yashardi. Bir kuni yaralangan qushni uchratdi va uyiga olib keldi. Uyidagi keksa bir ayol uni yoqtirmay haydadi. Va qush ketib qoldi". Endi o‘ylab ko‘ring, bobo yolg‘iz yashardi, deb aytildi. Keyin bunga zid ravishda uning rafiqasi paydo bo‘ldi.
– Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarini milliy an’analar, qadriyatlar asosida bilimli, Vatanga fidoyi qilib tarbiyalash jarayonida badiiy adabiyot muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi SamDU dotsenti Azmiddin Nosirov. – Ammo bugun o‘zbek adabiyotida bolalar adabiyoti yuksak cho‘qqiga ko‘tarilmadi. Chunki bu sohada qalam tebratayotgan adiblar barmoq bilan sanarli.
Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev fikrlari nechog‘li o‘rinli ekaniga amin bo‘lamiz. "Milliy ruhiyatimiz aks etgan, milliy qahramonlarimizning, xalqimiz dahosining ulug‘ maqsadlarini o‘zida jamlagan, shulardan oziqlangan asarlar kerak bugun. Milliy kino, milliy teatr, albatta, adabiyotdan kuch oladi. Shunday ekan, o‘zbek bolasining qalbini tinglab, uning yurak urishiga mos asarlar yaratishimiz kerak", deb yozadi adibimiz.
Nasiba JONTO‘RAYeVA,
Maqolaning to‘liq matnini «Zarafshon» gazetasining 50-sonida o‘qing!