Bolalar uchun yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi: 115 ta maktabga elektron doska berildi

Samarqand shahar 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bolalar uchun yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi tashkil etildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Indira Xoldarova va soha mutaxassislari ushbu oromgoh faoliyati bilan tanishdi.

- Yozgi ta’tilni mazmunli o‘tkazish hamda “Dolzarb 90 kunlik” dastur doirasida viloyatimizdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 57 ta yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etdik, - dedi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Ayniqsa, ta’lim sifati past maktablarda yozgi ta’tilda fan to‘garaklariga o‘quvchilarni jalb etishni yo‘lga qo‘ydik. 

Maktabda tashkil qilingan yozgi sog‘lomlashtirish oromgohi 12 kundan bo‘lib, jami 48 kun davom etadi. Oromgohga jalb etilgan bolalar ertalab badantarbiya mashg‘ulotlarini bajaradi. So‘ngra o‘quvchilarning qiziqishiga qarab to‘garaklarga jalb etiladi. Maktabda ingliz tili, kitobxonlik, robototexnika, mohir qo‘llar, sehrli qalam, futbol, stol tennisi, qo‘l jangi, shaxmat-shashka kabi o‘nlab to‘garaklar faoliyat ko‘rsatyapti.

- Maktabda robototexnikadan to‘garak mashg‘ulotlari olib boraman, - dedi informatika fani o‘qituvchisi Shahnoza Rahmatova. – 2020 yil maktabimizga informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktab maqomi berildi. Shu asosda maktabga vazirlik tomonidan robototexnika anjomlari sovg‘a qilindi. Shundan buyon har yili o‘quvchilarim robototexnikaga oid ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni olib kelyapti. Masalan, joriy o‘quv yilida o‘n nafar o‘quvchim bilan Xitoy davlatida bo‘lib o‘tgan robototexnikaga oid ko‘rik-tanlovda qatnashdik. Tanlovdan o‘quvchilarim oltin medallar va qimmatbaho sovg‘alar bilan qaytdi. Shuningdek, respublika “Barkamol avlod” tomonidan tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda 5 nafar o‘quvchim faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Maktab o‘quvchilari har yili xorijiy ko‘rik-tanlovlarda onlayn qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallab kelyapti. Ayni paytda o‘n nafar yuqori sinf  o‘quvchisi quyi sinf o‘quvchilariga robototexnikaga oid mashg‘ulotlar olib boryapti.  

Mohir qo‘llar to‘garagida o‘quvchi qizlar tomonidan bir-biridan chiroyli kashta, munchoqli bezaklar tikilyapti. Sehrli qalam to‘garagida o‘quvchilar rasm chizyapti, sport to‘garaklarida turli mashg‘ulotlar olib borilyapti. Xullas, o‘quvchilar o‘zlariga yoqqan to‘garakda yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazyapti.

Bundan tashqari, keyingi yillarda umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasi yangilanib, zamonaviy elektron doskalar bilan bosqichma-bosqich ta’minlanyapti. Ushbu tadbirda ham maktab direktorlariga elektron doskalar berildi.

- O‘tgan yili davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan viloyat hokimi 624 ta maktabga elektron doska olib bergandi, - deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi AKTni joriy etish va raqamlashtirish shu’basi boshlig‘i Murodulla Yakubov. – Uning davomi sifatida bugun vazirligimiz tomonidan 115 ta maktabga jami 2 mlrd so‘mlik elektron doska berilyapti. Dars jarayonlarida o‘quvchilarga qulaylik yaratish, ularni yanada fanga qiziqtirish maqsadida maktablar elektron doskalar bilan ta’minlanyapti.   

Xurshida ERNAZAROVA.