Bolani uch yoshdan boshlab kitobxonlikka qiziqtirish mumkin

Samarqand davlat universitetining san’atshunoslik fakulteti o‘qituvchisi Nigina Mullajonova buning zamonaviy yo‘li va amalga oshirish choralari bo‘yicha loyiha tayyorlagan. SamDAQI o‘qituvchisi Gulmira Keldiyorova to‘ldiruvchi materiallar yordamida chang-gazlarni tozalovchi uskunasi uchun patent olib, uskunani viloyat qurilish korxonalarida ishlab chiqarish mumkinligi haqida ma’lumot berdi.
Samarqandlik olimalar ushbu yangiliklarni Samarqand iqtisodiyot va servis institutida o‘tkazilgan «O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» tanlovining viloyat bosqichida namoyish etishdi.
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi va O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi hamkorligida bu yil uchinchi bor o‘tkazilayotgan tanlovda viloyatdagi olimalar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
- Tanlovning ilk bosqichida 50 nafar xotin-qizlarning ilmiy ishlanmalari ko‘rib chiqilib baholandi, - deydi «Olima» uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Dilbar Aslanova. – Ularning 33 nafari tanlov Nizomiga mos ishlar taqdim etgani aniqlandi. Bugun ushbu qatnashchilarning 11 nafari tanlovning Respublika bosqichiga saralab olindi. Bu kabi tanlovlarning tizimli o‘tkazib borilishi, olimalarga qaratilayotgan e’tibor tufayli yildan-yilga ilmiy ish yoqlashga harakat qiluvchi xotin-qizlarning soni oshib bormoqda. Misol uchun ilgari, ayollar ko‘proq 50 yoshida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 30-40 yoshni tashkil etmoqda.
Tanlovda olimalarga eng yaxshi ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, ratsionalizatorlik taklif, EHM uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi, AKT sohasi bo‘yicha eng yaxshi loyiha, eng samarali innovatsion loyiha kabi nominatsiyalar bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.
Mazkur loyihalar haqida saytimizda batafsil ma’lumot beramiz. Bizni kuzatib boring.
Gulruh MO‘MINOVA.