Bo‘lgan voqea: Egri yo‘ldan qaytgan o‘g‘ri
Bir yil avval "Damas”da yangi rusumdagi, qimmatbaho uyali telefonimni yo tushirib qo‘ydim, yo o‘g‘irlab olishdi. Birovga iltimos qilib, darrov o‘zimning raqamimga qo‘ng‘iroq qildim. Bir yoshroq bola oldi...
- Bolam, shu telefon meniki edi, qaytargin.
- Yo‘q, qaytarmayman, men uni... topib oldim!
Bola tezda telefonni o‘chirdi. So‘ng yana qo‘ng‘iroq qildim. Ancha o‘yladi chog‘i, besh-olti bor gudok ketgach, har tugul oldi.
- Bolam, mayli, telefon senga qolsin-u, lekin sim kartamni qaytargin.
- Mayli. Unda siz markazdagi pochta oldidagi telefon budkasiga boring. Uning yuqori qismiga sim kartangizni qistirib ketaman.
Bordim. Aytganidek o‘sha telefon budkasining yuqori qismiga qistiribdi. Yangi telefonga endi sim kartani solgan edimki, qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
- Aka, sim kartangizni oldingizmi?
- Oldim.
- Mayli, telefon uchun rahmat, aka.
- Bolam, mayli, telefon senga bo‘lsin-u, lekin mabodo biron kun kelib, uni qaytarging kelib qolsa, shu raqamni saqlab qo‘ygin.
Oradan bir yil o‘tdi. U telefonni yodimdan ham chiqarib yuborgandim.
Bir kuni notanish raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi:
- Assalomu alaykum, men o‘sha - sizning telefoningizni o‘g‘irlagan bolaman.
- Ha, yaxshimisan, bolam?
- Aka, men telefoningizni qaytarmoqchiman. Mendan rozi bo‘ling. O‘shanda zalolatda yurgan bola edim. Xudoga shukr, yomon yo‘ldan qaytdim.
Alloh insof berib, namoz o‘qishni boshladim. Markazdagi falon do‘konga kelsangiz, sizga telefoningizni berishadi.
Aytgan manziliga bordim. Bir yigit unga kimligini oshkor qilmaslik sharti bilan ushbu omonatni tashlab ketganini aytib, telefonimni qo‘limga tutqazdi.
Davronbek Tojialiyev.