Bo‘lgan voqea: “Farzand - ulug‘ ne’mat, buni yoshing o‘tgan sari ko‘proq his etasan”
Noyabrning yomg‘irli, izg‘irin kunlaridan biri edi. Ilhom aka bilan mashinada ketayotgandik. Yo‘l chetida yayov borayotgan o‘smir bola ko‘rindi. Birdan Ilhom aka “Shu bolaning yoniga to‘xtating”, deb qoldi...
Bu o‘smir Ilhom akaning ilk turmushidan (ajrashib onasi bilan qolgan) o‘g‘li edi. Yupun kiyingan ekan, kiyimlari ho‘l, boshyalang yomg‘irda shumtirab qopti. Ko‘rishmaganiga ancha bo‘lgan shekili, ota-bola quyuq salomlashishdi. Ilhom aka o‘g‘lini oldida o‘zini xuddi aybdordek his qildi. Hol-ahvol so‘rashib juda xijolat bo‘lardi.
- Nega qalinroq kiyinmading, shamollab qolasan-ku bunaqada, - dedi o‘g‘lini bu ahvolda ko‘rib uyaldimi yoki rahmi keldimi? So‘ng o‘zi kiyib turgan kurtkasini shart yechib, qarshilik qilishiga qaramay o‘g‘liga kiydirib qo‘ydi.
- Menda boshqa bor, buni sen kiyaver, issiq kiyinib yurgin, - dedi. Biror kilometrlar yurgach, bola mashinadan tushib qoldi. Xayrlashishdi.
Yo‘lda ketarkanmiz Ilhom aka:
- Boshim osmonga yetgudek xursand bo‘lganimdayam, shu o‘g‘limni ko‘rsam yoki eslasam «yerga tushib qolaman» - dedi.
- O‘zi nimaga ajrashgansizlar? – deb so‘radim.
Ilhom aka:
- Xotinim yomon emas edi, shunchaki men boshqasini sevardim. Ota-onamni qistovi bilan unga uylangandim. Shunda ham yashab ketishimiz mumkin edi. Lekin sevganim bilan ko‘proq baxtli bo‘laman deb o‘ylagandim. O‘sha vaqtlar sevgim oldida shu o‘g‘lim ham ko‘zimga ko‘rinmagan. Yosh o‘tgan sari esa farzand qanchalar ulug‘ ne’mat ekanligini xis etarkansan kishi. Farzand ne’mati oldida sevgi, muhabbat kabi narsalar, yoshlikdagi o‘tginchi hoyu-havasdek tuyulib borarkan. - dedi.
Nima deyishni ham bilmayman. Uzoq jim ketdik.
Dilshodbek Nurmatov.