Bo‘lgan voqea: Gazeta sotuvchi dunyodagi eng boy odamdan ham boy
Voqea jahonda eng boy odam, deb tan olingan Microsoft asoschisi Bill Geyts bilan kechgan.
Nufuzli jurnallar tomonidan uning dunyoning eng boy kishisi deb e’lon qilgan paytlarda Geytsga kimdir unga savol beribdi:
– Dunyoda sizdan ham boyroq inson bormi?
– Ha, – deb javob beradi Bill Geyts. – Mendan ham boyroq bir inson bor.
U paytlar men hali mashhur yoki boy emas edim. Bir kuni Nyu-York aeroportida gazeta sotayotgan kishini ko‘rdim. Undan gazeta sotib olmoqchi bo‘lib, hamyonimni ochsam, mayda pulim yo‘q ekan. Keyin gazetani sotuvchiga qaytarib berdim. Unga qarab “Mayda pulim qolmabdi, gazetangizni sotib ololmayman”, dedim. Shunda sotuvchi “Mayli, sizga tekinga beraman”, dedi. Men noiloj gazetani oldim. Oradan 2-3 oy o‘tib tasodifan men yana o‘sha aeroportga qeldim va bu safar ham gazeta sotib olish uchun mayda pulim yo‘q edi. Sotuvchi yana qo‘limga gazeta tutqazdi. Men bu safar ham mayda pulim yo‘qligini aytib, gazetani rad qildim. U menga yana “Olavering, o‘zimning hisobimdan beryapman. Bu bilan men zarar ko‘rmayman”, dedi. Men gazetani oldim.
Oradan 19 yil o‘tib men mashhur bo‘lib ketdim, butun dunyo meni taniy boshladi. Keyin to‘satdan o‘sha sotuvchi esimga tushib qoldi. Uni rosa izladim va bir yarim oy deganda topdim. Undan “Meni taniyapsizmi?” deb so‘radim.
– Ha, siz Bill Geytssiz, – dedi u.
– Esingizdami, bir safar siz menga tekinga gazeta bergansiz? – dedim.
– Esimda, ikki marta berganman, – dedi sotuvchi.
– O‘sha vaqt qilgan yordamingiz haqini to‘lamoqchiman. Tilang tilagingizni, meni uni ado etaman, – dedim shoshgancha.
Sotuvchi menga qarab turdi-da, dedi:
– Janob, siz shu bilan mening yaxshiligimga to‘la javob qaytara olaman, deb o‘ylaysizmi? Bu bilan qarzingiz uzilib qolmaydi-ku.
– Nega? – hayron bo‘ldim men.
– Men sizga kambag‘al sotuvchi bo‘lgan paytim yordam berganman, siz esa badavlat bo‘lgachgina yordam bermoqchisiz. Dunyodagi eng boy odamga aylangach qiladigan yordamingiz mening nochor paytda qilgan yordamimga qanday qilib teng bo‘ladi? – dedi u.
O‘sha kuni gazeta sotuvchisi mendan ham boyroq, mendan ham badavlatroq ekanini angladim. Chunki u odamlarga yordam berish uchun boyib ketishni kutmagan. Haqiqiy boy odam bu – puli ko‘p odam emas, balki yuragi boy odam hisoblanadi.
Shu va koronavirus, Ukrainadagi urush voqealari sabab Bill Geyts o‘zining deyarli barcha boyligini 2000 yilda tashkil etgan xayriya jamg‘armasiga berishini ma’lum qildi.
“Men boyligimning barchasini fondga berishni rejalashtirganman. O‘z resurslarimni jamiyatga azob-uqubatlarni kamaytirish va hayotni yaxshilashning eng ta’sirli usuli bilan qaytaraman. Va umid qilamanki, juda boy va imtiyozli lavozimdagi boshqalar ham hoziroq oldinga qadam tashlashadi”, deb yozdi Geyts Twitterda.
Darvoqe, Bloomberg Bill Geytsning boyligini 114 milliard dollarga baholab, uni dunyodagi to‘rtinchi eng boy odam deb hisoblaydi. «Forbes» jurnalining real vaqt rejimida yangilanuvchi dunyoning eng badavlat biznesmenlari reytingida esa Geytsning boyligi 13 iyulda 122,1 milliard dollarga baholangan.