Bo‘lgan voqea: O‘n daqiqalik duo karomati

1996 yil birinchi mashinamni sotib olgandim. Kursdoshlarimiz bilan Angrenga boradigan bo‘ldik. Yo‘lga chiqishga harakat qilib turganimda uy telefoni jiringladi...

Olsam bir qarindoshimiz "Oilamiz bilan edik, vokzaldamiz, avtobus yo‘q, Namanganga tashlab qo‘ysangiz", deb iltimos qildi. Rozi bo‘ldim. Yo‘lda yoshi saksondan oshgan boshqa yo‘lovchi - onaxonni ham bir amallab mashinamizga sig‘dirdik. Yurishimiz bilanoq "Pulim yo‘q edi-da, duo qilaman", dedilar onaxon.

Qarindoshim: "Xola, duo qiling-da, bu ukamiz pul uchunmas, duo uchun chiqdilar", dedi.

Uchqo‘rg‘onda boshlangan duo Qizilravotda to‘xtadi (10 daqiqali yo‘l), bunday uzun duoni umrimda birinchi eshitishim bo‘ldi. "Mana bittasi tugadi, yana shundan ikkitasi bilan uyimizga yetib boramiz" dedilar onaxon. Uchinchi duo tugaganda, Taxtako‘prikda haqiqatan tushib qoldilar.

Musofirlarimizni uylariga yetkazib, sheriklarimni olib, dovon tomonga ketdik.

O‘sha yillarda "Qamchiq" tog‘ yo‘li kengaytirib ta’mirlanayotgan, hali asfalt qilinmagan, katta-kichik toshlar to‘kib chiqilgan, qatnov kam bo‘lib, aksar kishilar Xo‘jand orqali ketadigan vaqt edi. O‘shanda endigina yigirma yoshdan o‘tganligim, mustaqil mashina haydashni boshlaganimga bir necha oylargina bo‘lgani, birinchi marta dovondan o‘tishim bo‘lgani uchun qaltis xato qilgandim. Sheriklarimiz oldinlab ketgani uchun yetib olamiz, deb bor tezlikda haydadim. Yo‘l notekisligi, asfalt yo‘qligi, pastlikka tez yurish mumkinmasligi, tormoz bosilsa shag‘al-tosh ustida mashina to‘xtash o‘rniga muvozanatini yo‘qotib, tezlab ketaverishini bilmagandim. Bir payt qarshimizdan "KamAZ" biz tarafga qarab chiqib keldi. Undan olib qochaman deb, rulni burdim, mayda toshda sirpanib, boshqaruv qo‘ldan chiqdi. Mashina sakrab-sakrab, duch kelgan tarafga qarab pastlab ketaverdi. Soniyalar ichida tug‘ilganimdan o‘sha vaqtgacha bo‘lgan ishlar-u, biz ag‘darilib ketishimiz mumkinligi, hatto motam marosimlarigacha xayolimdan o‘tib ketdi. Yurib-yurib chapga, hali to‘siqlar qo‘yilmagan, ochiq jar tarafga yaqinlashib boraverdik. Bir-ikki qadamlar qolgandi shekilli, sheriklarimdan biri "Allohu Akbar" deb qichqirib yubordi. Xayolimda umrimizning so‘ngi nuqtasi edi. 

Shu payt oldimizdan to‘ppak qilib to‘kib qo‘yilgan bir mashina mayin shag‘al chiqib qoldi. Unga urilib, ustidan sakrab o‘tdik. Qarasam, yo‘lga to‘g‘rilanib qolibmiz, ellik-yuz qadamcha yurdik, tormozlar ishladi, to‘xtatib tushdik. Na bizga, na mashinaga hech narsa bo‘lmagandi...

Angrenga yetib bordik. Bo‘lgan voqeani boshqalarga aytdik. Sheriklarimizdan biri "Biror kishining duolarini olgandirsiz?" dedi. Uzoq duo qilgan kampir haqida aytib berdim...

U sayohatimning o‘n daqiqali qismi hayotimga dars bo‘ladigan, menga ikkita darslik o‘tgandi, birinchisi-pastlikka tez yursa halokat borligi va ikkinchisi - g‘arib ko‘ngillar duosida ijobat borligi.

U bir umr esimdan chiqmas voqea bo‘ldi...

Salim AYYuBIY.