Bo‘lgan voqea: Onaizor. O‘g‘il xonadoniga tushirilgan kelin

Bu voqeani singlim Feruza hikoya qilib bergandi: “Yangi kelin bo‘lib tushgan kezlarim... Saksondan oshgan xasta qaynona buvim to‘satdan og‘irlashib qoldi. U zo‘rg‘a nafas olar, tomog‘idan suv ham o‘tmasdi.

Qaynotam esa volidasining yuziga yuzini bosib: “Onajon, bergan sutingizga rozi bo‘ling”, deya pichirlardi.

To‘rt kun shu alfozda yotgan buvimiz nihoyat ko‘zini asta ochdi.

Buni ko‘rib, barchamiz g‘imirlab qoldik. Qaynotam onasining qo‘llarini silab, o‘pib qo‘ydi. Kampir o‘g‘liga engash, degandek ishora qildi. Qaynotam shoshib engashdi.

Ona: "Bolam, ovqatingni yedingmi?.." deya oldi arang.

Hammamiz kulib yubordik.

Onaizor kalimai shahodatni aytib, jon taslim qildi”.

***

Bir marosimda uch-to‘rt kishi gurunglashib o‘tirardik. Bir do‘stim yonidagi sherigidan so‘radi:

- Qizingni uzatding, endi o‘g‘lingni ham uylantirarsan?

Sherigi javob berdi:

- Yo‘q, hali o‘g‘lim o‘qishi kerak. Buyog‘i uy-joy muammosi ham bor. Bilasan, onamiz to‘qsondan oshdi. U kishi bandalikni bajo keltirsa, uch yildan keyin kelinni kampirni uyiga tushiraman.

Bu gapni eshitib, ustimdan muzdek suv quyilgandek bo‘ldi. Hammamiz hayratdan jim bo‘lib qoldik.

Buni qarangki, bu kishining xonadonida uch yildan keyin to‘y bo‘ldi. Biroq yangi kelin kampirning uyiga emas, qaynotasining xonadoniga tushdi. Bir yil muqaddam yurak xurujidan vafot etgan o‘g‘ilning uyida kampir nevarasini uylantirdi.

Omonullo MUTAL.