Bo‘lgan voqea: Oqibat yo‘qolmasin

Ko‘pincha odamlar o‘rtasida mehr-oqibat qolmadi, degan so‘zlar quloqqa chalinib qoladi. Agar shunday bo‘layotgan ekan bunga kim aybdor?

Shubhasiz, o‘zimiz. Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash, dalda berish, ko‘ngilni ko‘tarishga bir og‘izgina shirin kalomimizni ravo ko‘rmaymiz. Bugun shu darajaga yetibmizki, inson qadr qimmati ikki-uch ming so‘m oldida hech narsa bo‘lmay qoldi...

Bir otaxon yo‘nalishsiz taksi haydovchisi bilan tortishyapti.

- Shifoxonadan chiqdim. 5 ming so‘m pulim bor. Ana shu pulga meni olib ketsang.

- Bo‘lmaydi, bobo. 10 ming so‘m berasiz. Biz ham bekordan-bekorga yurganimiz yo‘q. Yoqilg‘i olishimiz kerak, mashinaning buzilishi bor.

Bu nima degan gap axir? Nima bo‘lyapti, o‘zi? «Xo‘p, otaxon pulingiz bugun bo‘lmasa, ertaga bo‘b qolar, bir duo qilib qo‘ysangiz ham bo‘ladi», deyish ham mumkin-ku. 

Mehr-oqibat shunchayam puldan ustun bo‘ldimi? Nima bo‘lganda ham bu o‘tkinchi dunyoda odam odamga g‘animat. Shunday ekan, bir-birimizdan shirin so‘zimiz, mehrimizni darig‘ tutmaylik.

Husniddin Xoldorov.