Bo‘lgan voqea: "Senga moddiy yordam yo‘q! Sur g‘altagingni..."

U mahalla raisi oldiga kelib o‘zini nochordan olib nochorga soldi va moddiy yordam so‘radi.
- Qo‘ldan berganga qush to‘ymaydi, uka, - dedi rais. - Yaxshisi yuzta tovuq olishingga ko‘maklashaman.

So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
- Kuniga 70-80 tadan tuxum tug‘sayam ro‘zg‘oringga baraka kiradi, sotib, pul topasan. Tovuq yetti xazinaning biri, axir.
- Mayliku-ya, - dedi u chaynalib. - Lekin hovlimda tovuq katagim yo‘qda...
- Unisigayam ko‘ndim, - oqsoqol yon bosdi. - Ikki yigitga aytaman tovuq katak qurishingga yordamlashadi. Bo‘ladimi?
- Mayliku-ya, - u yana chaynaldi. - Bir tovuqqa ham suv kerak, ham don, deganlariday, yuzta tovuqni qanday boqaman?
- Bu yog‘ini o‘ylama, - raisning ensasi qotsayam sezdirmadi. - To‘rt-besh kunga yetadigan yem topib beraman.
- Mayliku-ya, - battar chaynaldi u. - Ammo to‘rt-besh kundan keyin nima qilaman, tovuq boqishning o‘zi bo‘ladimi?
Raisning jahli chiqdi:
- Unda ketaver. Tovuqlarni katagi bor, don-dun topadigan boshqa oilaga beramiz. Bo‘ladimi?
- Mayliku-ya, moddiy yordam-chi? Moddiy yordam nima bo‘ladi?
- Moddiy yordam senga to‘g‘ri kelmaydi!.. Sur g‘altagingni...
U o‘sha kunning o‘zida raisning ustidan shikoyat yozdi...

Lola O‘roqova.