Bo‘lgan voqea: Dastro‘mol ostidagi bir dasta pul
Abdurahim dasht yo‘lidan ketib borardi. To‘satdan ko‘zi yo‘l chetidagi mashinaga tushdi. Unda bir qariya ayol o‘tirar, atrofga chorasiz alanglardi.
Yigit mashina yoniga kelib, eski ulovini to‘xtatdi. Ayol qo‘rqib ketdi, chunki shuncha vaqtdan buyon hech kim unga e’tibor bermagan, yordam qo‘lini cho‘zmagan edi. Bu odam biror yomonlikni ko‘zlamaganmikan?..
– Mening ismim Abdurahim,– deb o‘zini tanishtirdi yigit.– Sizga yordam beraman, onaxon. Ungacha mening mashinamda o‘tirib turing, ozroq isinib olasiz.
Yigit mashinaning u yoq-bu yog‘ini tekshirgan bo‘ldi. Yo‘q, unaqa vahimali narsaning o‘zi yo‘q ekan. G‘ildirak teshilibdi, xolos. Biroq qariya ayol buni qanday to‘g‘rilashni bilmay ancha azob chekkan ko‘rinadi. Abdurahim cho‘kkalab, mashina ostiga qaradi. Qulay joy topib, ko‘tarmani qo‘ydi. So‘ng qo‘llarini "kuh-kuh"lab isitgach, ishga kirishdi. G‘ildirakni almashtirib bo‘lgach, yuziga tabassum indi. Muammo hal bo‘lganini ko‘rgan ayol:
– Sizga necha pul berishim kerak? – deb so‘radi, so‘ng shosha-pisha qo‘shib qo‘ydi. – Tortinmay aytavering, qanchaligining ahamiyati yo‘q.
Abdurahim shunday javob berdi:
– Xijolat bo‘lmang, hech narsaning keragi yo‘q. Men bir yordamga muhtoj odamga ko‘maklashdim, xolos. Mening o‘zimga shu paytgacha qancha odam yordam qo‘lini cho‘zgan. Agar minnatdorchilik bildirishni judayam xohlayotgan bo‘lsangiz, yordamga muhtoj biror odamga duch kelsangiz, unga yordam bering.
Ayol qayta-qayta rahmat aytdi va mashinasiga o‘tirdi. Bir necha chaqirim yurgach, bir restoranga ko‘zi tushdi. Yo‘l oldidan biroz isinib, tamaddi qilib olish niyatida restoranga kirdi. Unga xizmat qilgan juvon juda istarali ekan. Kun bo‘yi oyoqda tik turgan bo‘lsa-da, tabassum bilan muomala qildi. Ishi ham, homiladorligi ham, kundalik tashvishlar ham undagi muloyimlikni yo‘qota olmagani shundoq ko‘rinib turardi.
Ayol ovqatlanib bo‘lgach, haqini ortig‘i bilan to‘ladi. Qaytim olib kelingunicha esa restoranni tark etdi. Uning ketib qolganini ko‘rgan juvon hayron qoldi. Shu payt ko‘zi stol ustidagi qog‘ozga tushdi. Unda yozilganlarni o‘qigan juvonning ko‘zlari yoshlandi:
“Hayron ham, xijolat ham bo‘lmang. Men shunchaki, yo‘lusti kirgan edim. Bugun menga bir inson samimiy yordam qildi va men ham sizga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zdim. Agar chindan ham menga minnatdorchilik bildirmoqchi bo‘lsangiz, ushbu oqibat rishtasini uzib qo‘ymang. Vaqti kelib biror muhtoj kishiga ko‘mak bering”.
Juvon xatni o‘qib bo‘lgach, dastro‘mol ostida bir dasta pul turganini ko‘rdi. Yuragi to‘lqinlanib, hayrat-hayajonga tushdi. Bu notanish ayol u va eri anchadan buyon pulga zoriqib yurganini qanday sezdi ekan-a?
Juvon ishi tugab, uyiga kelgach, eriga bo‘lgan voqeani aytib berdi. Juvon Abdurahimning ayoli edi.