“Boqimanda” qishlog‘idagi “G‘urbat” markazidan gapiramiz! Hajviya
“Lanj” tumanidagi “Boqimanda” qishlog‘ida “G‘urbat” mas’uliyati mutlaqo cheklangan jamiyat shaklidagi yangi markaz ish boshladi. Bu tumandagi beshinchi shunday tayinsiz muassasadir. “G‘aflat”, “Bersang-yeyman”, “Qarovsiz tomorqa”, “Ber-ber” qishloqlarida ham faqat da’volar bilan shug‘ullanuvchi markazlar faoliyat ko‘rsatayotganligi haqida ilgari, ming afsuski, xabar bergan edik.
- Kattalarga katta rahmat, - deydi yangi idora rahbari G‘ilay Itbosarov. – Yigirma yildan beri tayinli ish qilmaganimga qaramasdan markaz ochishga bepul ruxsat berishdi. Hokimiyat bilan “Men senga tegmayman – sen menga tegma” shiori ostida o‘zaro shartnoma imzoladik.
Shuni aytish kerakki, “G‘urbat” MChJ a’zolari ko‘paygan emasu, ammo kamaygani ham yo‘q. Chunki ular tug‘ma “fazilat”ga ega. Masalan, Nayzangul ismli ayol besh yilda uch erkakdan uch nafar bola tuqqan. Ikki farzandi tug‘ma kasal. Hokimiyatga murojaat qilib, uy so‘rasa, berishmagan. Keyin MChJ rahbari va faollari uning nomidan shikoyat yozib, to‘rt tomonga yubordilar. Xullas, Nayzangulga uy berishdi. Qaynonasini urgan, bozorda o‘g‘irlik qilgan, qo‘shnisini chuv tushirgan 5-6 nafar ayol ham qonunchilar va jamoatchilik “hujumi”dan himoya etildi. Bu borada “Betimning qalini – jonimning huzuri” xalq maqoli ularga qo‘l keldi.
MChJ rahbari faol, fidoyi a’zolari haqida faxr bilan gapirdi. Misol uchun, Gadoy Beorov 55 yoshda. 20 yil uyida do‘kon ochib, vino sotgan. Ikkita oilasi bor, ammo bugunga kelib nomard xotinlar va bolalar undan voz kechib o‘tiripti. Gadoy bechora mehnat daftarchasi ham ochmagan. Hozir u o‘z erki uchun kurashmoqda. Hokimiyatdan, mahalladan yordam so‘rab turli idoralarga murojaat qilish bilan band. Odamlar “Sening sal toming ketgan” desa ham markaz g‘oyasiga sodiq qolyapti.
Xunosaxonim (uning asl ismi Xolnisa, odamlar fe’liga qarabmi, qisqartiribmi, Xunosaxon deyishadi) qaynonasini pulini o‘g‘irlagan, ko‘pni oldida unga qo‘l ko‘targan. Mahalladagi yig‘ilishdan so‘ng u ham markaz safiga kirdi. O‘qimagan, savodi bo‘lmasa ham yuqoriga yozishga, ig‘vo to‘qishga usta. Professional! Shu sababli mahalla oqsoqoli unga “Agar bir-ikki yil jim tursang, seni mahalladan ko‘chirib yuborish to‘g‘risidagi yig‘ilish qarorini bekor qilamiz” deb yalinganmish.
Markazning professional a’zolaridan biri ilgari ichki ishlarda ishlab, bir amallab pensiyaga chiqqan Hakim zolotoy. Og‘zidagi hamma tishi tillodan bo‘lgani uchun odamlar uni shunday chaqirishadi. Hakim zolotoy arzchi va shikoyatchilarga uslubiy yordam ko‘rsatadi, xatlarni ta’sirli yozishni o‘rgatadi.
Xullas, “Boqimanda”dagi yangi markaz katta voqea bo‘ldi. Havas qiling... e, kechirasiz hushyor bo‘ling, odamlar!
F.Toshev.