Ta’limga tosh otayotganlar kim?: Asl haqiqat siz o‘ylagandek emas

Keyingi yillarda xalqimiz orasida erkin fikr bildirish va tanqidiy yondashuvlar sezilarli oshdi. Odamlar siyosat, millatning ijtimoiy va iqtisodiy hayoti haqida o‘z fikrlarini bildirmoqda. Bu yaxshi, ammo to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasdan nohaq bildirilayotgan ayrim fikrlar kishini o‘yga toldiradi.

Samarqand davlat chet tillari institutining 1-bosqich talabasiman. 7 yil davomida ota-onamdan olisda yashaganim bois jamiyatni o‘rganishga, odamlarning qarashlarini baholashga, xorijiy tillarni o‘rganish orqali chet elliklarning yondashuvlarini solishtirishga harakat qildim. Bugun ta’lim haqida gap ketganda, aksar odamlar davlatni tanqid qilishga oshiqadi: “Ta’limga mablag‘ yetarli emas, maktablarda dars sifati past, resurslar kam”.

Har yili Davlat byudjetining salmoqli qismi ijtimoiy xarajatlarga, jumladan, ta’lim va ilm-fanga sarflanadi. So‘nggi 8 yilda 9,5 mingta maktabda kapital rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi, oliy ta’limga qabul tizimida esa shaffof va zamonaviy standartlar joriy qilindi.

Shunday bo‘lsa-da, ayrimlar tizimni ayblashmoqda. Qashqadaryo viloyatining olis hududidagi, reyting bo‘yicha qizil toifaga kiruvchi, ya’ni eng og‘ir holatdagi maktablardan birida tahsil oldim. 20 nafar sinfdoshimdan 3 nafari oliy o‘quv yurtiga kirdik. Bizni malakali o‘qituvchilar o‘qitishdi: xalqaro S1 darajasiga ega ingliz tili fani o‘qituvchisi, oliy toifali ona tili, tarix va boshqa fan o‘qituvchilari. Lekin nima uchun faqat uch nafar o‘quvchi oliy ta’limga qabul qilindi, degan savol tug‘iladi. Maktabimizda kutubxona va zamonaviy texnologiyalar, internet bilan ta’minlangan informatika xonasi bor. Ammo kutubxonadan birorta o‘quvchi kitob olmaydi. Olgan taqdirda ham kitoblar yo javonda chang bosadi yoki uyda yirtiladi. Informatika darslarida esa o‘quvchilar internetda videolar ko‘rib, o‘yin o‘ynash bilan band. O‘qituvchi ularning diqqatini jamlashga harakat qiladi, lekin bu imkonsiz. Chunki qizlarning xayolida qaysidir do‘konda ko‘rgan chiroyli ko‘ylagi yoki qaysi turk seriali qahramonining kimga uylanishi, o‘g‘il bolalar esa otasining 50 ta qo‘yini ko‘paytirish, juda bo‘lmasa, Rossiyaga borib, qurilishda ishlash orqali daromad topishini o‘ylaydi. Sababi, oilada muhit shunday.

Ta’lim oiladan boshlanadi. Ota-onalar bolalarida ta’limga mehrni uyg‘otib, ustozga hurmatni singdirmasdan, aksincha, bolasi uchun o‘qituvchini ayblashga tayyor turar ekan, bolalar ustozlarni hurmat qilmaslikda davom etarkan, ta’lim sifati qanday yaxshilanishi mumkin?

Oliy ta’limda ham shunga o‘xshash muammolarni ko‘rdim. Ba’zi oliy ta’limga yaqin ham kelmagan odamlar tizim korrupsiya botqog‘iga aylangani haqida hech ikkilanmasdan gapiradi. Biroq men shu tizimda o‘qiyotgan shaxs sifatida vaziyat ular o‘ylaganidek emasligini aytmoqchiman, asoslarim ham bor, albatta. Biz oilada uch farzandmiz va barchamiz oliy o‘quv yurtida o‘qiymiz. Otam oddiy usta va yagona ta’minlovchimiz. Agar imtihonlar korrupsiyaga botgan bo‘lsa, biz bugun talaba bo‘lolmagan bo‘lardik, chunki iqtisodiy holatimiz poraxo‘rlarning jig‘ildonini to‘ldirishga yetmaydi. Shu paytgacha uchalamiz na birorta ichki imtihonlarda baho uchun pul to‘laganmiz, na kimningdir xizmatini bajarganmiz. Topgan pulimizni faqat o‘z ehtiyojlarimizga sarflaymiz, ota-onamiz bildirgan ishonchni oqlash uchun tinimsiz o‘qiymiz.

Abituriyent paytimda “Hozir nimani bilsang, shu bilim bilan universitetni tamomlaysan”, deyishgandi. Ammo universitet domlalarining bilim va tajribasi juda yuqoriligiga guvoh bo‘ldim. Ularning dars berish uslubi, talabalarga xarakter jihatdan yondashuvi oliy ta’limning bekorga oliy ta’lim deya atalmasligini ko‘rsatdi. Imtihonlarda esa faqat ma’ruzada tushuntirilgan mavzular so‘raladi. Ammo ko‘pchilik talabalar darsda uxlagani kechasi bilan ijtimoiy tarmoqda band bo‘lgani oqibatida imtihonlardan o‘tolmaydi. Ayrimlar esa yaxshi baho olgan kursdoshlarini “domlaning yoqtirgan talabasi” deyishadi. Aslida esa o‘sha talabalar darsni diqqat bilan tinglab, topshiriqlarni bajarib, izlangani uchun ham ustoz ularni hurmat qiladi. Ular dars davomida orttirgan bilimlari sababli imtihonlardan qiyinchiliklarsiz o‘tadi.

Achinarlisi nima, bilasizmi? Ishlasa chalg‘iydi, dars qilolmaydi, deya 90 foiz talabaning moddiy ehtiyojlarini ota-onasi to‘laydi. Hatto, ba’zilar kirish imtihonida yetarli ball to‘play olmagan bo‘lsa, bolam o‘ksinmasin, deb tabaqalashtirilgan kontrakt asosida bo‘lsa ham o‘qitadi. Ammo bunday farzandlar xohlagan ishini qiladi, kafema-kafe, ko‘chama-ko‘cha aylanib, darslarga e’tibor qaratmaydi. Oqibatda bunday talabalar imtihonlardan yiqiladida, keyin tizimni ayblashadi.

Ta’lim sifatini oshirish uchun, avvalo, ota-onalar farzandlarida bilim olishga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otishi kerak. Chunki haqiqiy ta’lim-tarbiya oiladan boshlanadi, davlat va o‘qituvchilar esa bunga zamin yaratib beradi, xolos. Zero, taraqqiyotning 16 foizi moddiy-texnik bazaga, 20 foizi axborot resurslariga, 64 foizi inson omiliga bog‘liqligi jahon tajribasida sinalgan. Bu shuni anglatadiki, hammasi o‘zimizning harakatimizga bog‘liq.

Gulsanam Mamasoliyeva.