Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming dollar bilan ushlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq Olmazor tumani prokurori, Bosh prokuraturaning sobiq boshqarma boshlig‘i, sobiq maxsus prokuror. A.T. ko‘p miqdordagi pora olishda gumonlanib DXX tomonidan qo‘lga olinganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan edi.
Bosh prokuratura tomonidan bu borada rasmiy bayonot berildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
“Aniqlanishicha, A.T. Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori lavozimida ishlagan paytida, 2020 yil oktyabr oylarida o‘ziga tanish bo‘lgan qurilish korxonasi rahbari D.A.ni Olmaliq shahridagi 11-sonli yotoqxonani rekonstruksiya qilish bo‘yicha qonuniy o‘tkazilgan tenderda qurilish korxonasi go‘yoki uning yordami bilan g‘olib chiqqanligiga ishontirgan va moddiy rag‘bat talab qilib kelgan.
Shundan so‘ng, hozirda Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan va joriy yil 22 noyabrdan mehnat ta’tilida bo‘lgan A.T. joriy yil 5 dekabr kuni soat 22 larda Mirobod tumanida joylashgan "Mustafo" restoranida D.A.dan go‘yoki tenderda yutishiga yordam qilganligi uchun 29 ming AQSh dollarini olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Gumonlanuvchi protsessual tartibida ushlandi”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.