Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bosh prokuratura Mo‘ynoqdagi otishma yuzasidan ma’lumot berdi

Joriy yilning 5 sentyabr kuni soat 06:30 larda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi xodimlari T.Toreniyazov, D.Kallibekov va A.Kalimbetovlar tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi «Qazaqdarya» ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan «Akpetkey» ko‘llar tizimida o‘tkazilgan reyd vaqtida, davlat raqami bo‘lmagan «UAZ» rusumli avtomashinada bo‘lgan noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan 5 nafar fuqarolar inspektorlarning qonuniy talabiga bo‘ysinmasdan, voqea joyidan qochib ketishni ko‘zlab, qo‘mita xodimlari boshqaruvidagi davlat raqami 95 Y 469 GA bo‘lgan avtomashina baloniga o‘q otar ov miltig‘i bilan o‘q uzib, voqea joyidan yashirinishgan.

Mazkur holat yuzasidan Mo‘ynoq tuman prokuraturasi tomonidan 2019 yil 6 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ulardan 3 nafari ushlangan.

Shuningdek, tezkor xodimlar tomonidan qolgan 2 nafar fuqarolar qidirilmoqda. Noqonuniy ov bilan shug‘ullanib kelgan fuqarolar boshqaruvidagi «UAZ» rusumli avtomashinaning davlat raqami 80 S 401 YeA ekanligi aniqlangan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, tergov harakatlari davom etmoqda.

Noqonuniy ovchilar 4-5 kishidan tashkil topgan bo‘lib, ularning ichida o‘rmon xo‘jaligi xodimi ham bo‘lgan, ular 20 bosh kiyikni otib o‘ldirgan.

Ayni paytda noqonuniy ovchilar qo‘lga tushgan va Qorao‘zak tumani ichki ishlar bo‘limida saqlanmoqda.