Bosh prokuratura Prezident devoni sobiq mansabdorining jinoyati bo‘yicha ma’lumot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bo‘lim boshlig‘i davlat mansabdorlaridan tuzilgan jinoiy guruhga rahbarlik qilgani ma’lum bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Prezident devonining sobiq xodimi 2014 yil 19 fevralda sud qilinganini ma’lum qildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasi umumiy bo‘limining ekspeditsiya mudiri lavozimida ishlagan Asatulla Do‘stov (1963 yilda tug‘ilgan) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari, 168-moddasi 3-qismining “a,v” bandlari, 209-moddasi 2-qismining “a,b” bandlari, 28,211-moddasi 3-qismining “a,b,v” bandlari, 242-moddasining 1-qismi, 243-moddasi bilan ayblangan.

Sud qarori bilan Asatulla Do‘stovga 3 (uch) yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Asatulla Do‘stov quyidagi jinoyatlarni sodir etishda ayblangan:
• IIV TB tomonidan tergov harakatlari olib borilgan jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 244(2)-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun qamoqqa olinganlarni qamoqdan chiqarish va ular saqlanayotgan UYa-64/TH-1 muassasasi xodimlari tomonidan muassasaning ichki tartibini buzgan taqdirda ularga nisbatan jazo qo‘llanilmasligi masalasini hal qilib berish;
• “Chkalov” nomidagi Toshkent aviatsiya birlashmasi tomonidan sotuvga chiqarilayotgan mol-mulklarni sotib olib berish;
• Davlat maslahatchisi lavozimida ishlovchi R.Muhiddinov bilan yaqin munosabatda ekanligini aytib, avf orqali mahkumlarni qamoqdan chiqarish;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlash;
• Nukus davlat pedagogika institutining rektori lavozimiga tayinlash;
• O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlash;
• Samarqand viloyati Narpay tumanida joylashgan «Oqtoshdonmahsulotlari» ochiq aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi lavozimiga tayinlash;
• “Andijonpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish;
• Qarshi davlat universiteti rektori lavozimiga tayinlash;
• Narpay tuman hokimi lavozimi tayinlash;
• Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlar va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga surishtiruvchi lavozimiga tayinlash.

Asatulla Do‘stov jinoiy faoliyati oqibatida fuqarolardan jami 1 million 669 ming 700 AQSh dollari pul mablag‘larini o‘zlashtirganligi aniqlangan.