Bosh qomus nima berdi?
Joriy yil 1 maydan kuchga kirgan Konstitutsiya butun mamlakat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi bilan muhim ahamiyatga ega. Zotan, ilgari Asosiy qonun sifatida e’tirof etilsa-da, unda belgilangan normalarga nisbatan bunday munosabat yo‘q edi.
Umuman, yangi tahrirdagi Konstitutsiya haqida gapirganda u fuqarolarimizga farovon yashash, davlatimiz rahbarining ta’biri bilan aytganda ertaga emas, bugun yashash imkonini berdi. Misol uchun, Bosh qomusimizda har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi. Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uning qiymati hamda ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi ta’minlanishi kafolatlandi.
Bundan tashqari, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga egaligi belgilandi. Mazkur tamoyilning uzviy davomi sifatida “davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”, degan norma kiritildi. Barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish ham davlatning majburiyati sifatida qayd qilindi.
Bosh qomusimizning yangi tahririda inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirildi. Misol uchun, o‘lim jazosi konstitutsiyaviy darajada taqiqlanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.
Shuningdek, Asosiy qonunda shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Ya’ni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bog‘liq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro e’tirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qo‘llanish ko‘lami yanada kengaydi.
Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.
Egamberdi Olmosov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi raisi.