Bosh qomusimiz barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda
Adiz BOBOYeV,
Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi.
Mamlakatimiz va xalqimiz buguni hamda ertasini belgilab beradigan, huquq va manfaatlarimiz, erkinliklarimizni kafolatlaydigan Asosiy qonun qabul qilinganiga 32 yil to‘ldi.
O‘tgan yili umumxalq muhokamasida pishitilib, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga ko‘plab yangi modda va normalar qo‘shildi, muhim o‘zgarishlar kiritildi.
Bu bilan Bosh qomusimiz milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berdi. Hujjat bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga katta ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlar oldi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilib, davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli yo‘lga qo‘yildi.
Shu o‘rinda qayd etish o‘rinliki, Prezidentimiz farmoni asosida yangilangan Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi hamda 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi. Oliy Majlis palatalari tomonidan 38 banddan iborat Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilinib, Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunlarni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi.
Shularning o‘ziyoq bosh hujjatni yangilash va o‘zgartish kiritish rasmiyatchilikdan xoli, hayotiy zarurat ekanligini isbotlaydi. Asosiysi, Bosh qomusimizda o‘z aksini topgan yangiliklar, ularni hayotga izchil tatbiq etish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar hisobotlarni to‘ldirish, ma’ruzalarga bezak berish uchun emas, aynan har bir fuqaro turmushiga fayz, obodlik va sifat olib kirish maqsadida qilinayotganini hamyurtlarimiz o‘z hayotlarida his qilishmoqda.
Bu mening Konstitutsiyam
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiya 1992 yilda qabul qilinganidan buyon unga 15 marotaba kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalarning deyarli barchasi asosan davlat va jamiyat qurilishi, jumladan, Prezident, parlament, hukumat faoliyati, saylov tizimi va boshqalarga taalluqli bo‘lgan.
O‘tgan yili Bosh qomusimiz shunchaki o‘zgartib qo‘yilmadi: ziyolilardan tortib, oddiy insongacha muhokama qildi, taklif berdi. Butun xalqimiz taklifi bilan ancha «to‘lishgan» Yangi O‘zbekistonimizning yangi tahriridagi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi.
Sirasini aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholi va jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari aks ettirilganligi uchun uni har bir O‘zbekiston fuqarosi «Bu mening Konstitutsiyam», deb ishonch bilan ayta oladi.
Negaki, yangilangan Asosiy qonunga kiritilgan normalarning yarmidan ko‘pi insonning huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan bo‘lsa, o‘zgartishlarning 45 foizidan ortig‘i ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni tartibga soladi.
Konstitutsiyada ilk marotaba har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimning zimmasiga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi.
Bunda insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va konstitutsiyaviy tuzumni, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyatini, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan darajada cheklanishi mumkinligi belgilandi.
Konstitutsiyada siyosat ijtimoiy adolat va birdamlik tamoyiliga, fuqarolarning munosib turmush darajasi va sifatiga erishishga, muhtojlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan ijtimoiy davlat belgilari o‘z ifodasini topdi.
Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish, munosib turmush sharoitlarini yaratish, hech kim e’tibordan chetda qolmasligi uchun davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan normalar mustahkamlandi.
Har kim munosib mehnat qilish huquqiga ega
Keyingi yillarda yurtimizda inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Misol uchun, aholiga imtiyozli kreditlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak berilishi yo‘lga qo‘yildi. Ishsiz fuqarolar turli kasb-hunarlarga o‘qitilmoqda, buning uchun monomarkazlar tashkil qilindi. Yuqori malaka, oliy ma’lumot talab etilmaydigan darajadagi ishlarga aholi ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida joylarda o‘quv kurslari ochilmoqda.
So‘zimiz quruq bo‘lmasligi uchun ayrim raqamlarni keltirib o‘tsam: joriy yilning 9 oyi davomida viloyatda 12 mingdan ko‘proq ishsiz odam kasb-hunarga o‘qitildi. Tashqi mehnat migratsiyasi yo‘nalishida o‘qitilganlarni hisobga olsak, qariyb 20 mingga yaqin odam bepul kasb-hunar o‘rgangani oydinlashadi.
Qayd qilingan davrda 22 mingdan ko‘proq fuqarolarimiz hokim yordamchilari tavsiyasi bilan kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.
Asosiy qonunning 42-moddasida «Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash... huquqiga ega»ligi belgilab qo‘yildi. Yuqoridagi amaliyot ayni moddaning hayotiy ifodasi emasmi?
Xulosani har kim o‘zi chiqarsin. Ammo mehnat huquqi haqida gap ketganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada «mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi» mustahkamlanganini qayd etish o‘rinli.
Chunki bu norma Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini o‘rnatish tartib-taomillarini yaratish bo‘yicha 1928 yildagi Konvensiya, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash bo‘yicha 1970 yildagi Konvensiya talablariga mos va hamohang bo‘ldi.
Ijro hokimiyati zimmasiga vazifa yukladi
Yangi qabul qilingan Konstitutsiyamizning 43-moddasida «Davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi...» deyilgan.
Asosiy qonunda ilgari bunday norma, ta’bir joiz bo‘lsa, ijro hokimiyati zimmasiga yuklatilgan vazifa yo‘q edi. Demak, endi yangi-yangi marralar olish zarur. Bu o‘tgan hafta davlatimiz rahbari huzurida Samarqand viloyatini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimotida ham alohida qayd etildi. Viloyatimizda aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, 4,1 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. Xususan, kelgusi yilda viloyatda hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobiga qo‘shimcha 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan. Asosiysi, bu orqali 20 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Masalan, Past Darg‘om tumani «Chimboyobod» hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.
Yoki Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer «Urgut» erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilsa, 30 million dollarlik loyihalarga joy bo‘ladi. Darg‘om kanali bo‘yida 35 kilometrli turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.
Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish borasida Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish mumkin. Bu reja pirovardida 3,5 mingta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Bulung‘urning tuprog‘i, iqlimi meva-sabzavotchilikka qulay. Tumandagi 6 ming gektar samarasi kam g‘alla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshishi hisob-kitob qilingan. Natijada mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qo‘shimcha 52 million dollar eksport tushumi ta’minlanadi hamda 45 ming odam ishli bo‘ladi.
Qisqasi, xalqimizni rozi qilishga yo‘naltirilgan islohotlar endi yangi ma’no-mazmun kasb etmoqda.
Boshpana emas, kichik Vatan ...
Ko‘p mamlakatlarda inson mulki, jumladan, uy-joy huquqi bilan bog‘liq masala asosiy hujjatda aks etmagan. Yurtimizda bu borada mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Aniqrog‘i, Konstitutsiyaning 47-moddasida ayni masala yechimi belgilab qo‘yilgan. Hech kim sud qarorisiz, qonunga zid tarzda fuqaroni uy-joyidan mahrum eta olmaydi. Zarur holatda mulkdorga uy-joy qiymati, ko‘rilgan zararning o‘rni qonunda nazarda tutilgan tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanadi.
Ayni modda belgilangan norma asosida Samarqandda qurilayotgan uy-joylar haqida to‘xtalish niyatim yo‘q. Chunki bu haqda yetarlicha ma’lumot, xabar tarqatilmoqda. Lekin bir narsani ta’kidlash lozim, istalgan oila borki, chog‘roq bo‘lsada boshpanam bo‘lsa, deb umid qiladi.
Har yili yuzlab emas, minglab oilalar, boshpana emas, kichik vatan sohibiga aylanayotgani aynan Konstitutsiya bergan imkon emasmi?!
Demak, asosiy gap shu – har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega.
Bu borada fikrlarni yana uzoq davom ettirish mumkin. Gapning indallosini esa xorijiy ekspertlar aytgan: «O‘zbekistonda uy-joy bilan bog‘liq huquq asosiy qonun bilan ta’minlangani ko‘p davlatlarga namuna bo‘lmoqda».
Har kim mulkdor bo‘lishga haqli
Inson tabiatan shunday yaratilgan – mulkdor bo‘lsa, kayfiyati, intilishi, umuman, hayotga munosabati boshqacha bo‘ladi. Shu bois Konstitutsiyamizning 41-moddasida: «Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli.
Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi», deb belgilab qo‘yilgan.
Umuman, mamlakatimizda har qanday xususiy mulkdorning qonuniy yo‘l bilan qo‘lga kiritgan mulkining daxlsizligiga aslo shubha qilinmasligini ta’minlaydigan ishonchli huquqiy kafolatlar tizimi yaratilgan.
«Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlari qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqliligi belgilanmoqda.
Sa’y-harakatlarimiz natijasida aholining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagi oshib, yildan-yilga tadbirkorlik sub’yektlarining soni ko‘payib borayotgani Konstitutsiyamizning eng katta yutuqlaridan yana biri, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda ayrim raqamlarga to‘xtalmasak, adolatdan bo‘lmas. Chunki aytilgan gaplar, bildirilgan fikr aniq dalillarni taqozo qiladi, deb o‘ylayman.
Jumladan, joriy yilning olti oyida «2 million aholini biznesga jalb qilish dasturi» doirasida 156 ming aholi tadbirkorlikka jalb qilingan. Bunda o‘zini-o‘zi band qilishda 126,6 ming, YaTTlarda 11,9 ming, yangi tadbirkorlik sub’yektlarida 4,7 ming, dehqon xo‘jaliklarida 12,9 ming aholi bandligi ta’minlangan.
Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun 54 ta davlat aktivlari auksionga chiqarilib, 59 ta ob’yekt 69,2 milliard so‘mga sotilgan. Shu davrda 2,8 mingta xizmat va servis ob’yektlari ishga tushirilib, 83,4 ming ish o‘rni yaratilgan.
Natija-chi, degan tabiiy savol tug‘ilish mumkin.
Viloyatning yarim yillikdagi yalpi hududiy mahsuloti hajmi 36,9 trillion so‘m (2,9 milliard dollar)ni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 106,1 foiz bo‘lgan.
Yilning keyingi davrida yalpi hududiy mahsulot hajmi 87,4 trillion so‘mni, o‘sish sur’ati 105,6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Umuman, erishayotgan bu kabi yutuqlarimiz, tinch va osuda hayotimiz, iqtisodiy rivojlanish hamda xalqimiz farovonligida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan insonparvarlik tamoyillari huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.