Bosh vazir qabulxonalari orqali tadbirkor muammosi tezkorlik bilan hal etiladi

Narpay tumanida Prezidentimizning shu yil 14 maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati haqida tushuncha berish maqsadida tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Unda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari J.Mamajonov, Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on tumani va shahridan kelgan tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi va mazkur qaror ijrosi natijasida ularning muammolari tezkorlik bilan bartaraf etilishi haqida gapirdi.

Ta’kidlandiki, joylarda Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil etilishi natijasida tadbirkorlar, shu jumladan, chet ellik investorlar muammolari tezkor o‘rganiladi va bartaraf etiladi. Qablxonalarda hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirok etadi.

Davra suhbatida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi. Shuningdek, tadbir davomida ishbilarmonlarni qiynab kelayotgan muammolar ham tinglandi. Shu yerning o‘zida bu muammolarga yechim topish choralari belgilandi.

Maqsud MIRZAYeV.