Boshqarma boshlig‘i toyloqlik yoshlar huzurida

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Shodiyor Ahmedov Toyloq tumanidagi 9-umumta’lim maktabi o‘quvchilari bilan uchrashdi.
Tadbirda o‘quvchilarga mamlakatimizda navqiron avlod vakillarining har tomonlama yetuk inson bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, izchil olib borilayotgan islohotlar, jumladan, soliq tizimidagi yangilik va o‘zgarishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
– Uchrashuvda o‘zimizni qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldik, turli sohalar bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik, – deydi maktab o‘quvchisi Mohinur Burxonova. – Bunday uchrashuvlar kelgusida kasb tanlashimizda, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shishimizda muhim o‘rin tutadi.
Uchrashuvda maktab o‘quvchilari o‘zlarini qiynayotgan muammolarini ham bildirishdi. Jumladan, maktab uchun bufet faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sport zali bunyod etish, kimyo va fizika laboratoriya xonalarini tashkil qilish hamda isitish tizimini yaxshilash zarurligi bayon etildi. Shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlaridagi fanlar bloklari va kasb tanlash yuzasidan savollar bilan murojaat qilindi.
Tadbir yakunida maktab kutubxonasiga turkum kitoblar tuhfa qilindi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.