Bosqinchilik sodir etgan shaxslar ushlandi
2019 yilning 12 noyabr soat 01:20 da Samarqand tumani Badal mahallasida yashovchi 64 yoshli M.B. (ayol) xonadonida begona shaxslarning yurganligini sezib qolib, hovli qismiga chiqqan vaqtida ikki nafar noma’lum shaxslar boshiga niqob, qo‘llariga qo‘lqop kiygan holatda unga tashlangan. Undan tilla taqinchoqlarining qayerdaligini so‘rab, tanasining turli joylariga bir necha marotaba urib, yiqilib qolgan vaqtida yashash xonasiga kirib, xonada bo‘lgan 4.000.000 so‘m pullarini hamda 2 dona «Nokia» rusumli telefon apparatlarini talon-toroj qilgan va hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida mazkur jinoyat Samarqand shahrida yashovchi 33 yoshli B.A. va 28 yoshli Sh.A.lar tomonidan sodir qilingani aniqlanib, ulardan bir dona “Nokia X-2” rusumli telefon apparati ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ushbu jinoyat ishi bo‘yicha B.A. va Sh.A.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 164-moddasi 3-qismi «v» bandi (bosqinchilik) bilan ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.