Botirxon Valixo‘jayev – komillikka intilish timsoli
Men bu xulosam to‘g‘riligiga hayotim davomida to‘la ishonch hosil qilganman. Hatto yoshligimda, maktabda o‘qiganimizda o‘qituvchilarimiz, qishloqda esa ziyolilar professor Botirxon akaning ajoyib fazilatlari, puxta ilmi haqida ko‘p gapirishardi. Samarqandda ta’lim olgan og‘aynilarim domlaning yuksak ma’naviyati, kamtarligi xususida so‘zlab berishardi.
Shu sababli men viloyatga hokim bo‘lib kelganimdanoq samarqandlik taniqli akademiklar Vohid Abdullo, Toshpo‘lat Shirinqulov, Diamat Abdukarimov, Botirxon Valixo‘jayev xonadonlarini ziyorat qilishdan boshlaganman.
Botirxon Valixo‘jayev hamkasblari orasida o‘ziga xos ilmiy va ijtimoiy maktab yaratgan olim. Nafaqat Samarqandda, balki butun O‘zbekistonda, qolaversa ko‘plab Sharq mamlakatlarida domlani komillikka intilishning timsoli deb e’tirof etishadi. Negaki, o‘zbek, fors, tojik, arab, rus tillarini mukammal bilgan olim butun umri davomida bir yerda – Samarqand davlat universitetida ishladi va mumtoz adabiyotimizning eng nozik qirralarini tadqiq etdi. U kishi Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy, Abu Abdullo Ro‘dakiy, Miriy ijodining tahlili yuzasidan tadqiqot olib borib, ibratli xulosalar berdi. O‘zbek va tojik adabiyotlari mushtarakligini puxta o‘rgandi.
Domlaning kamtarligi, xokisorligi, odamlarga mehri, kasbiga sadoqati, ilm yo‘lidagi mashaqqatlarga matonati tengdoshlari, safdoshlari va shogirdlari uchun doimo ibrat bo‘lgan. Shuning uchun hozirda ham viloyat miqyosida bo‘ladigan har bir davrada bu insonning nomi hurmat bilan tilga olinadi. Domlaning allomalarimiz to‘g‘risidagi ilmiy xulosalari biz, rahbarlar uchun ham kerakli dasturilamaldir va men bunday ibratli fikrlardan o‘z faoliyatimda doimo foydalanaman.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Botirxon Valixo‘jayev jamiyatimiz, davlatimiz tomonidan fidokorona mehnati uchun doimo rag‘batlantirib kelingan. U kishi «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati», «Buyuk xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan.
Muhimi, vaqt o‘tgan sayin olimning ilmiy xulosalari, ezgu fazilatlari, fan yo‘lidagi fidoyiliklari yangicha mohiyat kasb etib, qadriyatga aylanayotir. Agar hayot bo‘lganida domla bugun 90 yoshga to‘lardi. Lekin u kishi elga qilgan xizmati, ilmiy sohadagi ibrati bois hamon bizning safimizda yurgandek.
Barchamizni shu tabarruk zaminimizdagi ulug‘larning pok ruhlari qo‘llab tursin.
Erkinjon Turdimov,
Samarqand viloyati hokimi.