Akademik Botirxon Valixo‘jayevni xotirlab: Vidolashuv duosi yoxud ma’naviy ota

O‘z davrining yetuk insoni, ustozim Botirxon Valixo‘jayev bilan deyarli ota-bola kabi edik, boshqalarga va har joyda aytilmaydigan dardlarini, fikrlarini yosh demay menga aytardilar, o‘zimcha men ham fikr bildirgan bo‘lardim.
Balki ustozim bilan bo‘lgan bu yaqin munosabatlar talabalik davridan boshlangan qizg‘in suhbatlarda, qo‘l ostilarida aspirantlikda olib borilgan izlanishlarda, kafedrasiga o‘qituvchi lavozimiga ishga olganlaridagi ishonchda yuzaga kelgandir. Domla bizni mangu tark etganlaridan keyin bular haqida so‘z yuritmoqchi bo‘lar edim, biroq haddim sig‘masdi, keyinga qoldirardim, ba’zan esa negadir iymanardim.
Domla chin ma’noda ustozlikning zalvorli yukini zimmasiga olgan, o‘z davrining eng komil insonlaridan biri edi desam, sira lof qilmayman. Insoniy va olimlik xislatlari domlada uyg‘un va mukammal ko‘rinishda edi. Tog‘dan qanchalik uzoqlashsang, uning ulug‘vorligi, buyukligini his qilar ekansan. Ustoz bilan bo‘lgan qizg‘in suhbatlarimiz, totli taassurotlarni esga olar ekanman, ayrim lavhalar ko‘z oldimda jonlanadi.
Ustozning shogirdlarini “qizg‘anishi”
Universitetni tugatgan yilim, sobiq kursdoshim, hozirda SamDU professori Shavkat Hasanov uyimga qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha vaqtdagi o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani professor Nuriddin Shukurov hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha aspiranturaga bir joy kelganligi va unga meni munosib ko‘rayotganligini aytdi. Aslida mening talabalikdagi yo‘nalishim o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha bo‘lganligi sababli hayron bo‘ldim. Fakultetga borib, dekanga uchrashganimdan keyin “Yo‘nalishingizni mumtoz adabiyotdan sovet davri o‘zbek adabiyotiga o‘zgartirib, ilmiy tadqiqot olib borasiz, Erkinboy, ishlaringizga omad” deb aspiranturaga qabul qilish uchun arizamni olib qoldilar va o‘zlari rahbar bo‘lishini aytdilar.
Dekan xonasidan chiqib, “O‘zbek adabiyoti tarixi” kafedrasi mudiri, ustozim Botirxon Valixo‘jayevga uchrashdim, aspiranturaga qabul bo‘layotganligim, biroq soham o‘zbek adabiyoti tarixi emas, balki hozirgi zamon adabiyoti bo‘layotganligidan domlani ogoh qildim. Ustoz biroz sergak bo‘ldilar, so‘ng “ketmay turing” deb o‘rnidan turib, dekan xonasiga kirib ketdilar. Yarim soatlardan keyin jiddiy qiyofada qaytib kelgan ustoz arizani o‘zbek adabiyoti tarixi yo‘nalishiga moslab qayta yozdirdilar-da, uni olib, yana dekan xonasiga yo‘l oldilar. Tushunishimcha, ikki ulug‘ adabiyotshunos orasida biroz “shogird tortishuvi” bo‘lib o‘tgan. Keyinroq bilishimcha, xokisor, odatda kechirimli bo‘lib yurgan ustozim Botirxon Valixo‘jayev bu safar qat’iy xarakter ko‘rsatib, shogirdini o‘ziga qaytarib olgan va bu ham yetmagandek, aspirantura bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, uning yo‘nalishini “o‘zbek adabiyoti tarixi”ga o‘zgartirgan. Shu-shu, men domlaning yonida, kafedrasida qolib, tadqiqot ishlarini olib bordim. Bir yildan so‘ng ustoz meni kafedraga o‘qituvchi lavozimiga to‘liq shtatga ishga oldilar. O‘sha vaqtda kafedrada ustozdan tashqari professor Rahmonqul Orzibekov, dotsentlar Qobiljon Tohirov, Shavkat Xolmatov, Ra’no Fozilova, Anora Mo‘minova degan domlalar ishlar edilar. Biz eng yosh o‘qituvchi bo‘lib, ulardan ilm saboqlarini o‘rgana boshladik.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kafedraga hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori bo‘lib ishlayotgan Shuhrat Sirojiddinov o‘qituvchi bo‘lib ishga keldi. Ustozim rahbarligida Shuhrat aka Alisher Navoiy haqida ma’lumot beruvchi qadimgi forsiy va turkiy qo‘lyozma manbalarning tadqiqi bilan jiddiy shug‘ullanishni boshladi. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 1992 yil ustozimning shogirdi yana bittaga ko‘paydi. Samarqand davlat pedagogika instituti SamDUga qo‘shilgach, u yerdagi o‘qituvchilar qatori SamDPI dotsenti, ustoz Muslihiddin Muhiddinov kafedramiz a’zosiga aylandi. O‘sha vaqtlardagi kafedramizning ilmiy salohiyatidek, fayzli muhitidek bo‘lgan yana boshqa bir muhitni eslolmayman.
Ilmiy halollik va birlamchi manbalarga asoslanish
Ustozning ilmiy-pedagogik sohada shogirdlariga qo‘yadigan birinchi talabi – halollik, asl manbalarga suyanish, ilmiy dalillarga asoslanish edi. Ustozning o‘zlari arab yozuvidagi qo‘lyozma manba qaysi tilda yozilgan bo‘lishidan qat’i nazar, originalida erkin o‘qirdilar va uni birinchi tadqiqotchi sifatida tahlil va talqin qilar, yozma manbalarga xuddi shunday munosabatda bo‘lishni shogirdlaridan ham talab qilar edilar. Shu sababli domlaning shogirdlari nafaqat adabiyotshunos, balki manbachi va matnshunos, tarixchi va sharqshunos bo‘lib ham yetishar edi.
Alisher Navoiy hayotini ko‘plab qo‘lyozma manbalar asosida o‘rganib, uni qayta va mukammal holda ishlab chiqqan navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy tipologik tahlili” monografiyasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganligining negizida, shubhasiz, Botirxon Valixo‘jayev ustozlik mahorat maktabining o‘rni beqiyosdir.
Boborahim Mashrabmi yoki Rahimbobo Mashrab?
Ustoz rahbarligida aspiraturada xalqimizning sevimli shoiri Mashrabning badiiy adabiyotdagi talqini mavzusiga oid tadqiqot ishini olib bordim. Qo‘limda Mashrab haqida ma’lumot beruvchi ikkita nodir qo‘lyozma bo‘lib, ulardagi ma’lumotlarning o‘zi ham ishimni yakunlashga yetar edi. Biroq ustozim suhbatlarida imkoni bo‘lsa, shoirning 15 yillik umri o‘tgan Qashqar atrofi va Ili vodiysiga borib, u yerdagi manbalar asosida tadqiqot ishimni yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirishni maslahat berdilar.
Shunday qildim. XXRning Shinjong (SUAR) hududiga borib, Mashrabning Yorkent xonligidagi faoliyatiga oid va eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida ijod qilgan 20 ga yaqin shoirlar haqida o‘zbek adabiyotshunosligi uchun yangi ma’lumotlarni qo‘lga kiritdim. Urumchida nashr bo‘ladigan uyg‘ur tilidagi “Buloq” ilmiy-adabiy jurnalining bir necha sonlarini ustozim Botirxon Valixo‘jayevga va fakultetning boshqa domlalariga sovg‘a qildim. Mashrabga oid ma’lumotlarni o‘rganib, ustozimga kuzatishlarim natijalarini, xulosalarimni taqdim qildim. Shulardan ayrimlari:
Mashrabning asl oti Boborahim emas, Rahimbobo ekan!
Asosan sho‘rolar davridan boshlab Mashrabni Boborahim deb atash odat tusiga kirdi, bunday nomlanishda 1926 yilda nashr bo‘lgan Sadriddin Ayniyning "Namunai adabiyoti tojik" asari muhim o‘rin tutdi. Asar muallifi Mashrabning tojik tilidagi asarlarini keltiradi va shoirni "Mashrab Namangoniy – ismash Boborahim ast.” deb ataydi. Biroq shoir haqida ma’lumot beruvchi asosiy asar «Devonai Mashrab»ning barchaga ma’lum nusxalarida unga Rahimbobo ismini berishgani aytilgan: "...bu go‘dakni yetti kunlik bo‘lganda beshikka soldilar. Otlarini Rahimbobo qo‘ydilar." Sharqiy Turkistondagi manbalarda ham, Maleho Samarqandiyning “Muzakkir-ul ashob” tazkirasida ham shoirning nomi Rahimbobo deb keltiriladi. Qolaversa, shoir “Chinu Namangon ichida yurdi Rahimbobo so‘rab” kabi she’rlarida ham o‘z ismini aniq keltirib o‘tganki, biz Mashrabni shu nom bilan atashni lozim topsak.
Mashrab Makkaga borgan va hoji bo‘lgan!
Hozirga qadar Mashrabning Namangandan chiqib, Balx shahriga borib, qatl etilgunga qadar bo‘lgan 20 yillik umri haqida hech qanday ma’lumot yo‘q edi. Shuningdek, Mashrabning Makka, Madina haqidagi she’rlari bo‘la turib, uning Haj safari xususida manbalarda xabarlar uchramagan. Shu nuqtai nazardan men keng jamoatchilikka ma’lum bo‘lmagan “Devonai Mashrab” qo‘lyozma nusxasini o‘rganib, shoirning haj ziyorati, Xorazm, Rum, Arabiston safarlari asosida shoir umrining kemtik joylarini to‘ldirishni ma’qul topdim, bu matnlar orasida shoirning ko‘plab yangi she’larini aniqladim.
Yorkent xonligida Mashrabdan tashqari chig‘atoy tilida 20 dan ziyod adiblar asarlar yozgani aniqlandi.
16 asrda Yorkent xonligida Mirzo Boburning qarindoshi Sulton Sayidxon asos solgan va shundan keyin chig‘atoy tilidagi adabiyot rivojlangan, Navoiy Mashrab g‘azallariga,“Xamsa” dostonlariga javob asarlar yozilgan...
Bu xulosalarim bilan tanishgan ustozim “Mana bu boshqa gap, Qashqardan xazinani olib kelibsiz-ku”, dedilar miyig‘ida kulib.
“Ustoz dissertatsiyamda Mashrabni Boborahim deb ataymi yoki Rahimbobo? Darsliklarda Boborahim deyilgan, manbalarda Rahimbobo” deb so‘raganimda, “Mullo Valiy bilan muhtarama Bibi Salima tug‘ilgan farzandlarini qanday atashgan ekan?” deb savolimga savol bilan javob berdilar. “Rahimbobo!” “Unday bo‘lsa, shoirni ota-onasi atagandek Rahimbobo atang, bu ham o‘ziga xos bir yangilik bo‘lsin. Mashrabning badiiy qiyofasi aks etgan Haj safari haqidagi yangi ma’lumotlarni ham bu ishingizda e’lon qiling, bu katta yangilik! Sharqiy turkistonlik noma’lum shoirlar haqidagi ma’lumotlarni esa keyingi ilmiy ishlaringizda e’lon qilsangiz, yaxshi bo‘ladi”.
Ustozimning butun ilmiy faoliyatimni qolipga solib bergan o‘gitlari ilmiy ishlarim yoki yozgan kitoblarim uchun doim yo‘lchi yulduz bo‘lib kelmoqda! Shu ko‘rsatmalari asosida “Rahimbobo Mashrab va uning badiiy adabiyotdagi talqini” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyamni ham, “O‘zbek-Xitoy adabiy aloqalari genezisi: folklor va adabiyotda mushtaraklik” nomli doktorlik ishimni ham muvaffaqiyatli yoqladim. Afsuski, fan doktori bo‘lishimni juda istashgan menga aziz bo‘lgan uch kishi - onam, otam va ulug‘ ustozim himoyamda qatnashmadilar. Ular bungacha foniy dunyoni tark qilgan edilar. Balkim buning xabari ularga yetgandir.
Qur’oni Karimni o‘rganmoq uchun ruhan va jismonan pok bo‘lmoqlik xususida
O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida demokratiya shamoli esib, adabiyotda “diniy-klerikal”, saroy adabiyoti” deb nomlanib kelingan shoirlar ijodiga, diniy manbalarga qiziqish ancha kuchaydi. O‘sha vaqtlari ustozim Botirxon Valixo‘jayev rahbarlik qilayotgan kafedraga yangi o‘qituvchi bo‘lib kelgan kezlarim edi. Bir kuni ustoz kafedra o‘qituvchilar bilan uch savoldan iborat bo‘lgan so‘rovnoma o‘tkazdilar. Bu savollar ichida “Adabiyotni o‘rganmoq uchun Qur’oni Karimni o‘quv jarayoniga tatbiq qilmoq kerakmi?” mazmunidagi savol ham bor edi. Men shu savolga boshqalardan farqli o‘laroq “yo‘q” deb javob berdim. Ertasi kuni talabaligimda menga ko‘p yordam va maslahatlar bergan kafedramizning dotsenti, ustoz Qobiljon Tohirov yonimga kelib “ustoz yoshlardan xursand”, deb tabassum qildilar.
Tushlikka yaqin stol atrofida kafedra a’zolari bilan so‘rovnoma javoblari muhokamasi bo‘ldi. Ustoz Botirxon Valixo‘jayev hammaning oldida mendan “Erkinjon, siz adabiyot darslarida Qur’oni Karim kitobining o‘qitilishiga qarshimisiz?”, deb so‘radilar. “Albatta, ustoz”, dedim. Folklorshunos olim, ustoz Shavkat Xolmatov ko‘zoynaklarining ustida menga jiddiy qarab qo‘ydilar. “Undoq bo‘lsa, fikringizni bizga tushuntirib bersangiz”, dedilar Botirxon Valixo‘jayev.
“Qur’oni Karim oddiy kitob emas! U filologlar tahlil qiladigan badiiy yoki ilmiy asar ham emas, u Yaratgan Egamning kalomidir! Bu kitobni o‘rganmoq uchun, avvalo, arab tilining zeru zabarlari, islom falsafasi mag‘zini anglashdan tashqari, ham jismonan, ham ruhan tahoratli bo‘lishimiz, tilimiz, ko‘zimiz, so‘zimiz pok, shariat qoidalaridan xabardor bo‘lishimiz zarur. Hozirgi holatimizda men bu ilohiy kitobni o‘rganishga munosib ham emasmiz, tayyor ham emasmiz, deb bilaman”, dedim. Ustozim tabassum qilib, “Rahmat sizga!” deb, qo‘limning ustiga qo‘lini qo‘ydilar.
Ustoz, shuningdek, bo‘lar-bo‘lmasga din, tasavvuf haqida gapiraverishni, bilib-bilmay ularning muammolariga aralashaverishni ma’qul ko‘rmas edilar. Mutasavvuf bilan so‘fiyni farqlash kerakligini, mutasavvuf so‘fiy, so‘fiy esa har doim mutasavvuf bo‘la olmasligini ta’kidlardilar. Garchi ustoz Xoja Ahror Valiy haqida risolalar yozgan bo‘lsa-da, ulardagi ma’lumotlarni rivoyat, afsona yoki taxmin nuqtai nazaridan emas, balki aniq-tiniq faktlar asosida keltirganlar, garchi ustozning o‘zlari davrining mutasavvufi ersa-da, Xoja Ahror Valiy haqidagi ma’lumotlarda tasavvufning nazariy tomonlariga urg‘u berishni ortiqcha ish deb bilganlar.
Ustoz valiymidi?
Bilmadim, balkim ustozimda inson psixologiyasini anglash xislati juda mukammal tarzda rivojlangan yoki ustoz rostdan ham allaqanday g‘ayri tabiiy xususiyatlarga ega inson bo‘lganlar, har qalay, men ko‘rgan va anglagan ayrim narsalarni tushuntirish biroz mushkuldir.
Ustozning hali yuz bermagan narsa-voqealarni oldindan aytib turadigan xislatlari bor edi. Esimda: kafedrada o‘qituvchilar dars soati taqsimotlari bilan men shug‘ullanar edim. Bir kuni dekanimiz Tohir Qurbonov mendan shu taqsimotni keltirishimni so‘raganida negadir bu qog‘ozlarni topa olmadim. Taqsimot uyda ham, kafedrada ham yo‘q edi. Mendagi bezovtalikni ko‘rgan domla “Siz izlayotgan qog‘ozlar ma’ruza qilgan minbar ustida turibdi”, dedi va haq bo‘lib chiqqan edilar. Bir necha marta ustozimdan darslarimga oid kitoblarni yoki zarur ma’lumotni so‘ramoqchi bo‘lib, xayolimga keltirganimda “u kitob falon joyda” yoki “falon manbani ko‘ring, o‘sha yerda javob bor” tarzida maslahat berar edilar. Aytilmagan savolga ovozli javobni eshitish biroz noodatiy tuyulardi.
Ma’naviy farzand ustunmi yoki jismoniy farzand?
Botirxon Valixo‘jayev Xoja Ahror Valiy haqidagi izlanishlarini davom ettirayotgan bir paytda Mirzo Ulug‘bek, uning yetuk shogirdlari va Abdulatif Mirzo, padarkushlik va noqobil farzand psixologiyasi kabilar haqida suhbat qildilar. So‘ng fikrlarini xulosalab, ilm yo‘lida zahmat chekayotgan shogirdlarning ham asli ustoz uchun bola, ma’naviy farzand ekanligiga urg‘u berdilar.
Domlaning fikricha, bu farzandlar garchi ustoz vujudidan yaralmagan bo‘lsa-da, lekin ziyolining ongidan, bergan ilmidan shakllangandir. Gohida otaning pushti kamaridan bo‘lgan o‘g‘lonlar otalar istagandek emas, boshqacha ham bo‘lish mumkinligini yuqoridagi tarixiy holatlar misolida kuyunib gapirgan edilar. So‘ng menga qarab, savol berdilar: “Sizningcha, jismoniy farzand ustunmi yoki ma’naviy farzand?”. Men negadir domlaning bunchalik ta’sirlanishini kutmagan edim, shoshib “Ikki toifadagi farzandlar ham birdek azizdir”, deb qisqa qildim. Ustoz biroz jim turdilar-da, so‘ng dedilar: “Ma’naviy farzand ustun ekan!”.
Bu savol va o‘zlarining javoblarida men otalarning ishonchini oqlolmagan farzandlar haqida umumiy bir xulosani anglagandek bo‘ldim.
Vidolashuv duosi
2005 yil avgustining oxirlarida, ustoz vafot etishlaridan uch kun oldin tilshunos olim Tolib Jo‘rayev bilan birga uylariga bordik. Uy ichidagilar bemorni asrash maqsadida chetdan keluvchilarni ichkariga kiritmayotgan, domla holdan toygan va qimirlamayotgan ekan. Biz ham qaytmoqchi bo‘lib endi shaylangan edikki, ustoz kelganligimizni qayerdandir bilib, chaqirtirdi.
Biz domla yotgan uyga kirmay, bo‘sag‘aga yaqin joydagi kursilarga o‘tirdik, uy ichida to‘shakda yotgan ustozim bilan so‘rashgan bo‘ldik. Ustoz harakatga keldilar, beligacha qaddini ko‘tardilar-da, ikki qo‘lini duoga ochdilar. Men umrim bino bo‘lib bunaqa ta’sirli va uzun duoni eshitmagan edim. Ustozning tovushlari titragandek bo‘ldi. Shundan keyin tushundimki, ustoz aslida so‘nggi olqish aytish barobarida biz bilan vidolashayotgan ekan. Ko‘zimizdan yosh oqdi, o‘rnimdan turib borib ustozning oyoqlarini mahkam quchish uchun o‘sha tomonga yura boshladim. Biroq yo‘limni to‘sishdi. Bunga ruxsat yo‘q ekan. Ustoz bilan so‘nggi marta ko‘zyosh qilib vidolashdik.
Botirxon Valixo‘jayev barchaga ibrat bo‘ladigan xokisor inson, chin ma’nodagi zukko olim sifatida umr kechirdilar. Domlaning har bir darsi adabiyotshunoslik uchun kichik bir kashfiyot bo‘lar edi, esizki, o‘sha vaqtda fakultetda na diktofon, na magnitofon bo‘lgan - oltinga teng ma’ruzalar yozib olinmagan. Ustoz bir darsini hech qachon ikkinchi marta shu tarzda takrorlamas, darslarga qog‘ozsiz, ma’ruza matnisiz kirar, mavzuni to‘xtamay, yoddan qo‘ng‘iroqdan qo‘ng‘iroqqa dovur so‘zlar edilar. Ustoz dars vaqtini juda qizg‘anar, hatto daqiqa va soniyalarni bekorga sarflamas, shu sababli dars vaqtida talabalar yo‘qlamasini qilmas edilar. Yo‘qlama qilmaslikning boshqa bir sababi ham bor edi, chunki talabalar domlaning darsini sira qoldirmas edi, hatto boshqa kurs, fakultet talabalari yoki oddiy adabiyot shinavandalari, muxlislar kelib, domlaning darslarini shunchaki tinglashga, suhbatini olishga mushtoq edi! Afsuski, bunday mukammal insonlar hayotda juda-juda kam, dunyoga ham balki har yuz yillikda kelar yo kelmas.
Darvoqe, ustoz Botirxon Valixo‘jayev hayot bo‘lganlarida bugun 93 yoshini qarshilagan bo‘lardilar...
Erkin Musurmonov,
SamDChTI professori.