Botirxon Valixo‘jayev: "Xoja Ahror Valining fazilatlaridan ibrat olgan kishilar pand yemagan"

Bugun O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, adabiyotshunos olim Botirxon Valixo‘jayev (suratda chapdan uchinchi)ning tug‘ilgan kuni.

B.Valixo‘jayev 1932 yil 1 aprelda Samarqand shahrida tug‘ilgan.

Samarqand davlat universitetida tahsil olgan. Shu oliy dargohda o‘qituvchi, fakultet dekani o‘rinbosari, dekan, tojik tili va adabiyoti kafedrasi, o‘zbek adabiyoti tarixi kafedrasi mudiri, prorektor lavozimlarida mehnat qilgan.

B.Valixo‘jayevning ilmiy ishlari adabiyot tarixi, adabiyotshunoslik, adabiy aloqalar, tasavvuf va uning namoyandalari, Samarqand adabiy va ilmiy muhiti tarixi, Ibn Sino, Nizomiy, Jomiy, Navoiy kabi olim va mumtoz shoirlarning ijodiga bag‘ishlangan. "O‘zbekistan adabiy-tanqidiy qarashlari tarixidan", "O‘zbek epik poeziyasi tarixidan", "Navoiy ijodi - ilhom manbai", "Xoja Ahror Vali", "Xoja Ahror tarixi" kabi ilmiy asarlari va bir nechta o‘quv qo‘llanmalar muallifi.

Boturxon Valixo‘jayev 2005 yil 25 avgustda vafot etgan.

Quyida adabiyotshunos olimning "Xoja Ahrori Vali" kitobidan parcha o‘qiysiz.

***

Xoja Ahrorning fazilatlari, merosi va aqidalari

Xoja Ahror doim suhbatdoshlar bilan bo‘lishni xohlar, shaxsan mehnat qilar, ota sifatida farzandlariga pand-nasihat berar, boshqalarning manfaatlarini o‘zining manfaatlaridan ustun qo‘yar edi. Aytilganlarning isboti uchun Xoja hazratlari hayotidan ayrim lavhalarni keltirish maqsadga muvofiqdir.

«Bir kun Xoja hazratlari o‘z yaqinlari bilan Dashti Abbosga bordilar, – deb yozadi Muhammad Qozi. - U joylar shayx Abusa’id ekinzorlari bo‘lib, ularning hosili pishib yetilgan edi. Shayx Abusa’id Xoja hazratlari huzuriga kelib doimo mehmondorchilik qilardi. Bu orada pishib yetilgan hosilga qaramadi va o‘z odamlarining ularni yig‘ishtirishlariga ham ruxsat bermadi. Xoja hazratlari shayx Abusa’idga qarab: pishib yotgan hosilni yig‘ishtirib oling, biz bilan bo‘lib qolib, ular nobud bo‘lmasin, deb aytsalar-da, shayx bunga e’tibor bermasdi. Bu haqda qanchalik gapirmasinlar, shayx Abusa’id indamasdi. Shundan so‘ng Xoja hazratlari o‘z yaqinlari bilan u yerdagi g‘allani o‘rib oldilar, uni yanchdilar va tayyor g‘allani shayx Abusa’idga yubordilar. Xoja hazratlari aytdilarki, shayx Abusa’id juda boy emaski, hosilning nobud bo‘lishi unga ta’sir qilmasa, ammo u bizga nisbatan odobni saqlab, biz bu yerdaligimiz vaqtida bu ishni amalga oshirishni lozim ko‘rmadi».

Bu hayotiy lavha Xoja hazratlarinig shaxsiy fazilatlaridan birini – bevosita mehnat qilish hamda birovning manfaatini ko‘zlash va uni xursand qilishga intilishni namoyon etadi.

Yoki yana bir misol: «Xoja hazratlari o‘z yaqinlari bilan Kesh (Shahrisabz) tomon yo‘l oldilar. Yo‘lda dam olish niyatida chodir tikdilar. Namozi shomdan so‘ng yomg‘ir yog‘a boshladi. Xoja xazratlari chodirdan chiqib, yaqinlarini chodirga kiritdilar. O‘zlari esa tun bo‘yi tashqarida yomg‘ir ostida edilar. Ertalab bu holni ko‘rgan suhbatdoshlari uning sababini so‘raganlarida shunday dedilar: Yomg‘ir yog‘ayotganda biz chodirda bo‘lib, do‘stlarimizning tashqarida, yomg‘irda bo‘lishlaridan hijolatda qoldik».

Xoja hazratlari doimo aytib keladigani «har vaqt bir musulmon ko‘nglidagi og‘irlikni o‘z zimmangga olishing kerak. O‘zingning og‘irligingni esa boshqalarga yuklamasliging kerak» degan fikrlariga bevosita amal qilganlari ko‘zga tashlanadi. Shunisi diqqatga sazovorki, bunday fazilatga amal qilish, keyinchalik Xoja hazratlarining muxlislari bo‘lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Boburlarning faoliyatlarida ko‘p marta uchraydi. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma»sidagi mana bu tasvir aytilganlarga misol bo‘la oladi.

Bu voqea 1506 yilning qishida Hirotdan Kobulga yo‘l olgan Zahiriddin Muhammad Bobur bilan sodir bo‘lgan. Bobur o‘z kishilari bilan tog‘ orqali Kobulga borardi.

«Ushbu tariq bila qor tepib, yo‘l qilib, – deb davom ettiradi Bobur, – Injukon yerdin uch-to‘rt kunda ko‘tali Zarrinning tubiga havoli Qutiy degan havolga kelduk. Ushbu kun g‘arib chopqun bila qor yog‘ar edi. Andog‘kim, borchaga o‘lim vahmi bo‘ldi. Ul el tog‘dag‘i g‘or va kovoklarni havol derlar. Bu havolga yetganda chopqun behad tez bo‘ldi. Ushbu havol qoshida o‘q tushildi. Qor uluq, yo‘l yakraha, tepilgan, bosilgan yo‘l bila ham ot baxiyla (zo‘rg‘a) boradur. Kunlar g‘oyat qisqalikka ilgarigi kishi yorug‘ choqda havol oldiga keldilar, namozishom, namozi xuftongacha el kela qoldi. Andin so‘ngra kelgan yerda-o‘q tushti. Ko‘p el ot ustida-o‘q tong otturdi. Havol torroq ko‘rindi, men havolning og‘zida kurak olib, qor kurab, o‘zimga bir takiya miqdorda yer yasadim. Qorni kukusgacha qozdum, hanuz yerga yetmaydur edi. Bir nima yelga panoh bo‘ldi, o‘shanda-o‘q o‘tirdim. Har necha dedilarkim, havolga boring, bormadim. Ko‘ngulga kechdikim, barcha el qorda va istirohat bila munda. Barcha ulus tashvish bila mashaqqatda men munda uyqu bilan farog‘atda muruvvatdin yiroq va hamjihatlikdan qiroq ishdur. Men ham har tashvish va mashaqqat bo‘lsa, ko‘rayin, har nechuk el toqat qilib tursa, turayin. Bir forsiy masal bor: «Marg bo yoron sur ast» (do‘stlar bilan o‘lmoq to‘ydir). O‘shondoq chopqunda qozg‘on, yasog‘on chuqurda o‘lturdim, namozi xuftongacha qor oncha chopqunlab yog‘dikim, men engashib o‘lturub edim, orqamg‘a va boshimg‘a va quloqlarimning ustiga to‘rt enlik qor bor edi. O‘shul kecha qulog‘imga sovuq ta’sir qildi» («Boburnoma», Toshkent, 1960, 257-258-betlar).

Xuddi mana shu fazilat o‘zini el qatori bilish, el bilan birga bo‘lish podshoh Boburning olijanob fazilat sohibi ekanidan ham uning lashkari va atrofidagilariga unga nisbatan hurmat va ehtiromni ham yuzaga keltirgan.

Demak, Xoja hazratlariga muxlis bo‘lib, uning fazilatlaridan ibrat olgan kishilar pand yemaganlar.