Boy o‘tmishimiz, buyuk allomalarimiz merosi – bebaho xazina
Xabar qilganimizdek, Samarqand xalqaro turizm markazida “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi renessans poydevori” VIII xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda.
Unda dunyoning 35 davlatidan 300 ga yaqin olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. Kongressning rasmiy ochilish marosimida IRSIKA, AYSESKO, TURKSOY, “Al-Furqon” fondi, Xalqaro Turkiy akademiya rahbarlari, Islom olami robitasi va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.
Ochilish marosimi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov “Buyuk ajdodlar merosi - Uchinchi Renessans asosi” VIII xalqaro Kongressi ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining tabrigida kongressda joriy va kelajakka mo‘ljallangan ilmiy dastur va rejalari muhokama qilinishi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, tabrikda qayd etilishicha, “fundamental tadqiqotlarni o‘tkazishga doir dasturlar, ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar hech shubhasiz, o‘zaro hamkorligimiz uchun yangi imkoniyat va istiqbollar ochib beradi”.
Prezidentimiz yo‘llagan tabrikda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida 70 jildlik kitob-albomlar nashr qilinib, yurtimiz va chet ellardagi eng mashhur kutubxonalar, oliygoh va muzeylar, nufuzli ilm-ma’rifat maskanlariga yetkazib berilgani ta’kidlandi.