“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali boshlandi
Surxondaryo viloyati, Boysun tumanining Bibishirin mahallasida joylashgan turizm kompleksida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali boshlandi.
2002 yilda asos solingan “Boysun bahori” festivali bilan 2017 yil qayta tiklandi va xalqaro festival bundan buyon UNESCO shafeligi ostida har 2 yilda bir marta o‘tkazilishi belgilandi.
Bu yil yettinchi marta tashkil etilayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali yangicha uslubda o‘tkaziladi. Shu maqsadda so‘lim tog‘lar qo‘ynidagi Bibishirin mahallasida zamonaviy turistik maskan barpo etilgan. Bu yerda besh qavatli, to‘rt yulduzli muhtasham mehmonxona, yirik sahna, amfiteatr, viloyatlar qo‘rg‘onlari uchun joy, etnosport maydonchalari va boshqa infratuzilma inshootlari qad rostladi. O‘tovlar o‘rnatilib, Termiz shahri, tumanlar va viloyat tashkilot, muassasalarining qo‘rg‘onlari tashkil etildi.
Hozirgacha 20 ga yaqin davlatdan festival ko‘rik-tanlovida ishtirok etish taklifi kelib tushgan. Yuzdan ziyod folklor san’ati ustalari, folklorshunoslari, nomoddiy madaniy meros shinavandalari va sayyohlar qatnashmoqda.
Festival doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya, taniqli san’atkorlar hamda folklor jamoalar ishtirokida festivalning ochilish marosimi, milliy sozlar va liboslar, taomlar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmalari, dron-shoular, etnosport bellashuvlari, shuningdek, uloq-ko‘pkari, kurash, tosh ko‘tarish, arqon tortish, xo‘roz urishtirish, varrak sayli kabi turli xalq o‘yinlari ham tashkil etiladi.
Mehmonlar mato, gilam to‘qish, kashtachilik, do‘ppido‘zlik, chanqovuz, do‘mbira, sibizg‘a, g‘ajirnay yasash kabi Boysunning xalq amaliy san’atidan bevosita bahramand bo‘lishadi. Xalqaro festival bo‘lib o‘tadigan yashil adirlikda yuzdan ortiq o‘tov o‘rnatilib, milliy urf-odat va qadriyatlar namoyish qilinadi.
Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovi folklor hamda milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati yo‘nalishlarida tashkil etiladi. Nufuzli tanlovda faxrli birinchi o‘rinni egallagan jamoa 3 ming 500, ikkinchi o‘rin sohiblari 2 ming 500 va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan folklor hamda milliy xalq o‘yinlari va tomosha san’ati ustalari 1 ming 500 dollar miqdoridagi pul mukofoti va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Sovrindorlarga, shuningdek, maxsus diplom, sertifikat va xalqaro festival statuetkasi topshiriladi.
Bu noyob va nafis san’at bayrami ishtirokchilari va mehmonlarida uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan arxeologik yodgorliklar – paleolit davriga oid insoniyat beshigi sanalmish Teshiktosh, Amir Temur g‘orlari, 65 million yillik dinozavrlar izlari, o‘z zamonida muhim istehkom, strategik inshoot vazifasini bajargan Uzundara, Qo‘rg‘onzal, Tumanqo‘rg‘on singari arxeologik yodgorliklariga sayohatlar uyushtirib, dunyo tamadduni haqidagi bilimlarni boyitish imkoni bor.
Shuningdek, tashrif buyuruvchilar bir asrlik tarixga ega Sayrob chinorlari, “Omonxona”, “Xo‘jamayxona” shifobaxsh suvlari, sirli baliqlari, Tangisar qizil kanonlari, sayyoramizdagi eng chuqur g‘orlardan biri – Boysuntog‘ tizmasida joylashgan 2 651 metr uzunlikdagi “Qora yulduz” g‘orini bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi.
Surxon vohasining osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi so‘lim Boysun tumanini YuNESKO 1999 yil “Jahon xalq ijodiyoti durdonasi”, deb e’lon qilgan.
Karimberdi To‘ramurod.